2024-yilning 29-iyul kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat rahbarining joriy yil 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zlagan nutqi davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi.
Majlisni Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Senat Raisi mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘lida muhim choralar ko‘rilayotganiga eʼtibor qaratdi.
So‘nggi besh yilda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 80 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Qayd etilganidek, davlat rahbarining topshirig‘iga asosan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi.
Yangiyo‘l tajribasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i rahbarligida ishchi guruhlar tashkil etildi.
Mazkur ishchi guruhlar tomonidan joriy yil aprel-may oylarida har bir mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash masalalari, tadbirkorlikka qiziqishi alohida savolnoma asosida “xonadonbay” o‘rganildi.
O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda ishsiz va daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlarning aniq manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi.
Mazkur manzilli ro‘yxat asosida ishlarni tashkil qilish maqsadida “Xotin-qizlar.uz” platformasida “Xonadonbay” moduli ishga tushirildi. Unga ishsiz, ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar haqidagi maʼlumotlar manzilli kiritildi hamda ularning bandligi holatini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Xotin-qizlar bandligini taʼminlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hudud va tarmoqlar kesimida rejalar ishlab chiqildi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi resursidan xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi.
Belgilangan vazifalar hamda maqsadli ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga, shuningdek, joylarda aniqlangan muammolarning tezkorlik bilan hal etilishiga ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Respublika komissiyasi aʼzolari hududlarga, mahalliy Kengash deputatlari tuman, shahar va mahallalarga biriktirildi.
250 ta namunaviy biznes loyihalar ishlab chiqilib, joylarga yetkazildi. “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasi ishga tushirildi, unga Xalq, Mikrokredit, Biznesni rivojlantirish banklarining mavjud elektron dasturlari integratsiya qilindi.
Majlisda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Jumladan, ayrim mahallalarda aniqlangan ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha aniq manzilli ishlar tashkil etilmaganligi, ularning doimiy bandligini taʼminlash, mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga joylashtirish ishlariga yetarli eʼtibor qaratilmaganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir mahallada kichik ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish orqali mikro loyihalarni ishga tushirish hamda kredit olishga imkoniyati bo‘lmagan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari, hudud rahbarlarining axborotlari eshitilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Majlisda mutasaddi vazirlik va idoralar, hududlar tomonidan joriy yilning 2-yarim yilligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berildi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 30.07.2024
- Ko'rishlar: 1131
- Chop etish