Odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga qaramay, bugungi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda. Dunyo bo‘yicha har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboni bo‘ladi. Ushbu jinoyatdan jabrlanganlarning 80 foizi esa xotin-qizlar va bolalar ekanligi yanada ayanchlidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’ruza qilar ekan, O‘zbekistonda bu jirkanch jinoyatga qarshi olib borilayotgan sa’y-harakatlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ammo qator ishlar amalga oshirilishiga qaramay, odam savdosi jinoyati hamon sodir etilayotgani, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish zarurligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, insonlarning huquqlari va erkinliklarini buzish bilan bog‘liq odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan. Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga odam savdosi jinoyatini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi, shuningdek, muqaddam odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan shaxslar tomonidan odam savdosi jinoyatining sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi odam savdosi jinoyati sodir etilishining oldini olishga, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi. Loyihaning muhim ekanligi alohida ta’kidlanib, qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.09.2024
- Ko'rishlar: 837
- Chop etish