Davlatimiz rahbari joriy yil 15 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida“gi qonunni imzoladi.
Qonun Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga soladi.
Ombudsman – mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Ombudsman faoliyati qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik kabi asosiy prinsiplardan iborat.
Saylanish kuni 30 yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.
Ombudsman siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart. Shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 333
- Chop etish