Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Dastlab “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirilib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquqlar belgilab qo‘yilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshirilib, sohaga oid huquqlari yanada kengaytirilmoqda. Xususan, Ombudsman faoliyatida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorligi aniqlashtirilmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Loyihaning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining huquqlari kengaytirilishiga va majburiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 09.09.2024
- Ko'rishlar: 726
- Chop etish