Oʻzbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 2035-2036-yillar uchun doimiy boʻlmagan aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surdi

BMT Xavfsizlik kengashi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan tanishdi.

Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulugʻbek Lapasov Xitoy raisligida BMT Xavfsizlik kengashining koʻp tomonlama va global boshqaruv institutlarini isloh qilish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishida maʼruza bilan ishtirok etdi.

Unda Oʻzbekistonning BMT bilan oʻzaro hamkorlikning eng ustuvor masalalari boʻyicha rasmiy pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. Yigʻilish ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Oʻzbekistonning koʻp qirrali, global boshqaruvni mustahkamlash va takomillashtirish tarafdori ekanligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik muhimligi va Afgʻonistonni iqtisodiy tiklashdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Mamlakatimiz transmilliy tahdidlarga, jumladan, giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligi tasdiqlandi.

Ishtirokchilarga iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida soʻzlab berildi. Oʻzbekistonda 2025-yil – «Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil iqtisodiyot« yili«, deb eʼlon qilingani qayd etildi.

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish maqsadida oʻrmonlar barpo etish, suvni tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi. Shuningdek, Orolboʻyida barqaror rivojlanishni xalqaro qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Aʼzo davlatlar 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning «Besh yil – 2030-yilgacha: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini koʻrsatishni jadallashtirish« mavzusidagi davlat xizmatlari forumiga taklif qilindi.

Oʻzbekistonning global tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash tarafdori ekanligiga urgʻu berildi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz BMT Xavfsizlik kengashining 2035-2036-yillar uchun doimiy boʻlmagan aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surgani maʼlum qilindi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech