O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan birga 18 iyul kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni davlatimiz rahbari va rafiqasi kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.
Qo‘shnisiga yaxshilik sog‘inib, hamisha tinch bo‘lishini tilagan, yutug‘idan quvonadigan xalqmiz. Onalarimiz tansiqroq biror yegulik pishirsa avval bir devor nariga, hamsoyasiga ilingan. O‘ziga ravo ko‘rganini boshqalar bilan ham bo‘lishgan. Bunda katta hikmat bor.
Ota-bobolarimiz bir ro‘zg‘orning boshqalardan ayro baxtiyor bo‘la olmasligini yaxshi bilgan. Kuchning birlikda ekanligini ta’kidlashlarining ma’nosi ham shunda.
Mamlakatimizning keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga intilayotgani zamirida ham ana shu ko‘p yillik qadriyat mujassam.
O‘zbekiston Qirg‘iz Respublikasi bilan “bir devor” qo‘shni. Quda-anda, bordi-keldi, oldi-sotdi masalalari o‘ziga xos tarixga ega.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Toshkent shahriga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasi vakillariga mazkur ansambl mazmuni va me’moriy yechimlari haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida ta’kidladi.
Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, "Markaziy Osiyo plyus" formatlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shu maqsadda tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha "yashil yo‘lak" ishga tushiriladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.
Bunday loyihalarni ilgari surish uchun O‘zbekiston – Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi.
Qambarota GES-1 qurilishiga doir bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.
Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea bo‘ldi.
Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalar davom ettiriladi.
Hududlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qo‘shma "yo‘l xaritalari"ni yangilashga kelishib olindi.
Qishloq xo‘jaligi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishidir. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturi amalga oshirilishi qayd etildi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.
Yig‘ilishda Bosh vazirlar o‘rinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Jumladan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda "Kobalt," "Oniks" va "Treker" rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.
Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi, jumladan:
– Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi ob’ektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim;
– Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
– O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma;
– Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– 2024-2030 yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– 2024-2026 yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
– 2024-2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
– 2024-2026 yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqalar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
O‘zbekiston rahbari Qirg‘iziston Prezidentining davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani va mamlakatlarimiz ko‘p qirrali hamkorligida yangi davrni boshlab berganini ta’kidladi.
Bu galgi sammitga birgalikda jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilgani qayd etildi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti samarali o‘tdi. Shu kunlarda mamlakatimiz hududlarida Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda.
Har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan bugungi muzokaralar yakunlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot tashrifning asosiy siyosiy hujjati bo‘ldi.
Prezidentlar raisligidagi Davlatlararo kengash tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yetakchilar sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiradigan tarmoqlarida yangi o‘sish nuqtalarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Bular energetika, avtomobilsozlik, transport va logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlardagi loyihalardir.
Hududlar o‘rtasidagi tizimli muloqotni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi ishini faollashtirishga kelishib olindi. O‘zaro tashriflar jadvali tayyorlanib, hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritalari" yangilanadi. Loyihalar portfelini yil yakuniga qadar 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbarlari qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlarni belgilab berdilar. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, fyuchers bitimlaridan foydalangan holda intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etish shular jumlasidan.
– “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish strategik loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi yangi loyihalarni o‘rganish uchun ekspertlar guruhini tashkil etishga kelishib olindi.
Kichik gidroenergetika sohasida alohida hamkorlik dasturi tayyorlanishi qayd etildi.
– Qambarota GESi qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitim qabul qilishni tezlashtirish choralarini ko‘ramiz. Ushbu megaloyiha, shubhasiz, butun mintaqamizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Madaniyat, yoshlar, ta’lim, fan va sport sohalarida faol muloqot va almashinuvlar davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari sayyohlik almashinuvini rivojlantirish imkoniyatlarini alohida qayd etdi. Ayni paytda Toshkentdan Bishkek va Tomchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif davomida O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi sanatoriy-kurort majmualari to‘g‘risida bitim imzolandi. Iyul oyi boshida O‘zbekiston tomoni uchta ob’ektni ishga tushirdi, ular mehmonlarni qabul qilmoqda. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi so‘zining yakunida muzokaralar natijalaridan mamnunligini izhor etdi hamda Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi samaralari hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga, o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rafiqalari bilan birga O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari boshlanishiga bag‘ishlangan konsertda ishtirok etdilar.
Ikki mamlakat san’at ustalarining ushbu konserti chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘langan, dini bir, qadriyat va an’analari mushtarak o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qardosh xalqlar yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar esa keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Iste’dodli san’atkorlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlarda xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligi o‘z ifodasini topdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 19.07.2024
- Ko'rishlar: 1326
- Chop etish