8 fevral kuni mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi hamda matbuotda chop etildi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.
Mamlakatimizda so'nggi yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik printsiplari asosida o'tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash bo'yicha bir qator amaliy choralar ko'rildi.
Biroq 2019 yilda bo'lib o'tgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurati tug'ildi.
5 fevral` kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n ikkinchi yalpi majlisida ta'kidlanganidek, ushbu Qonun saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlarni nazarda tutgan holda ishlab chiqilgan bo'lib, u bilan bir qator o'zgartishlar kiritildi.
Jumladan, milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan takliflari asosida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatildi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklandi.
Shuningdek, xorijda istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo'lishi yoki bo'lmasligidan qat'i nazar saylovchilar ro'yxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko'chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratildi.
Bundan tashqari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar o'z tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilish tartibi belgilandi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining tavsiyalari asosida bir qator o'zgartishlar kiritildi. Ya'ni:
saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlandi;
saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlandi;
saylov natijalarini e'lon qilish muddatlarining asossiz cho'zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi;
siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag'lardan foydalanishning shaffofligini ta'minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so'ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e'lon qilish tartibi joriy etilmoqda.
Shu vaqtga qadar mamlakatimizda Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr` oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazib kelinayotgandi.
Yangi Qonun asosida amaldagi qonunchilikka kiritilgan o'zgartishlarga muvofiq, endilikda Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr` oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazilishi belgilandi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi tufayli umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida saylov qonunchiligi yanada takomillashdi. Bu, o'z navbatida, saylov jarayonlarining yanada ochiq va oshkora o'tishi hamda O'zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi ko'rsatkichlari yaxshilanishiga erishish imkonini oshiradi.
Shuningdek, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o'z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun huquqiy zamin yaratildi. Binobarin, oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik printsiplarni o'zida aks ettirgan yangi Qonun mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.02.2021
- Ko'rishlar: 3692
- Chop etish