Parlamentlararo Assambleyada O‘zbekistonda saylovning demokratik tamoyillar asosida o‘tgani e’tirof etildi

Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi (PA) kengashining majlisida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Tashrifning birinchi kunida delegatsiyamiz vakillari kengashning tashkiliy masalalarga qaratilgan majlisida ishtirok etdi.  

Majlisda MDH davlatlari PA kengashi a’zolari tomonidan O‘zbekistonda   parlament saylovining demokratik tamoyillarga mos ravishda shaffof va adolatli o‘tgani e’tirof etildi. Siyosiy tadbirda saylovchilarning 75 foizi faol ishtirok etgani, shuningdek, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich ekani alohida qayd etildi.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva saylov jarayonlari kuzatuvchilar guruhi vakillariga bildirilgan xolis fikrlari va tavsiyalari uchun minnatdorchilik bildirdi. Ular bergan tavsiyalarning chuqur o‘rganilishi, amaliyotga tatbiq etilishi ta’kidlab o‘tildi. 

***  

Senat Raisi T.Norboyeva tashrif davomida Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi N.Kochanova bilan uchrashdi.  

N.Kochanova O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangani hamda T.Norboyevaning Senat Raisi lavozimiga qayta saylangani bilan samimiy tabrikladi.  

Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarni, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

Shu bilan birga, tomonlar kelasi yil O‘zbekiston delegatsiyasining Belarus Respublikasiga amaliy tashrifi davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki mamlakat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari ishtirokidagi hududlararo forum, shuningdek, O‘zbekiston-Belarus ayollar III biznes-forumi hamda Yoshlar parlamenti qo‘shma yig‘ilishining tashkiliy masalalarini ham muhokama qildi.  

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech