Parvarishga muhtoj shaxslarga ko‘mak berish eng olijanob fazilat

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 27 dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish va mustaqil hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

80 yoshdan oshgan keksalar, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar o‘zgalar parvarishiga muhtoj hisoblanadi. Mavjud qonunchilikda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarab turuvchi fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari belgilab berilgan, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tartibi takomillashtirilgan.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi.

– O‘zaro mehr-oqibat, saxovat, muruvvatlilik xislatlari, azaliy qadriyatlarni e’zozlash kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar har doim qadrlangan, – deydi Dilfuza Ro‘zmetova. – Dunyoda savobga, yaxshilikka olib boradigan ishlar juda ko‘p. Parvarishga muhtoj shaxslarga ko‘mak berish esa eng olijanob vazifalardan biridir.

Bugun ijtimoiy himoya tizimida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ehtiyojmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan. 

Shuningdek, “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritilishi belgilangan. 

2025 yil I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 million 31 ming 609 nafarni yoki O‘zbekiston aholisining 2,7 foizini tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 173 ming 285 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 94 ming 722 nafari – I guruh, 695 ming 372 nafari – II guruh, 67 ming nafari – III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni tashkil qiladi.

Parvarishga muhtoj shaxslarga xizmat ko‘rsatish davomida  shaxsga qarab turish (yiqilish va jarohatlanishning oldini olish), shaxsni parvarishlash (ovqatlantirish, gigiyenik tadbirlarni amalga oshirish),  shaxs bilan muloqot qilish, shaxsni o‘z-o‘ziga xizmat qilishga o‘rgatish kabi tadbirlar amalga oshiriladi. Xizmatdan foydalanuvchi bilan kelishuvga muvofiq boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

Mehr-saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bu borada har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi. Joriy yil 1 aprel holatiga jami kelib tushgan arizalar soni — 45 ming 531 tani tashkil etgan. Shundan 43 ming 632 ta ariza ijobiy hal etilgan, 1 ming 105 ta ariza ko‘rib chiqish jarayonida. “Inson” markazlari tomonidan ham jami 1 million 238 mingta ariza qabul qilingan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Powered by GSpeech