Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini taʼminlash va 1,5 million aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion soʻm kredit ajratiladi.
Ilgʻor xorijiy tajriba asosida 32 ta yoʻnalishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi yondashuvlar yoʻlga qoʻyiladi. Misol uchun, 300 ta ogʻir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt boʻlgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambagʻal oilalar aʼzolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.
123 ta tumanda kambagʻal aholi 20 ming gektar oʻrmon va koʻchatzor barpo etish hamda dorivor oʻsimliklar yetishtirishga jalb etiladi. Ular ekkan har 100 ta daraxt uchun 375 ming soʻm subsidiya toʻlanadi.
Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta boʻlimlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambagʻal oila vakillari ishga olinadi.
Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambagʻallikdan chiqariladi.
Chekka hududlardagi, ogʻir toifadagi qishloqlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambagʻal oilalar mehnatini qoʻllab-quvvatlashga masʼul boʻladi.
Davlatimiz rahbari 2025-yil ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda hal qiluvchi yil boʻlishini yana bir bor taʼkidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qatʼiy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish oʻrinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi.
Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun oʻquvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targʻib qilish muhimligi aytildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»