Prezident Murojaatnomasi va O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari

8 fevral kuni Toshkent shahrida “Prezident Murojaatnomasi — O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Konferentsiyada parlament a'zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, mahalliy hokimliklar, milliy va xalqaro ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva kirish so'zi bilan qantashdi. Senat Raisi o'z nutqida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratgani, qabul qilingan hujjatlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, ya'ni “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi”ni tashkil etishda ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o'rnini alohida e'tirof etganini ta'kidladi, deb xabar bermoqda senat.uz sayti.

Haqiqatan ham, bugun fuqarolik jamiyati institutlari xalq manfaatini ilgari suruvchi, xalq dardi bilan yashovchi ulkan kuchga aylanmoqda. Fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri ­– ommaviy axborot vositalari o'tgan qisqa vaqt mobaynida jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlovchi, mavjud tizimli muammolarni ro'y-rost yorituvchi chinakam “to'rtinchi hokimiyat” sifatida shakllanayotir.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida hali parlament vakillari oldida muayyan vazifalar turibdi. Xususan, sohani tartibga soluvchi qonunchilikni qayta ko'rib chiqib, bugungi kun talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish kerak. 2020 yilgi Davlat dasturida belgilangan O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni ham tezlashtirish zarur.

O'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi nafaqat fuqarolar, davlat idoralari vakillari va milliy ekspertlar, xalqaro hamjamiyat vakillari uchun dasturilamal, balki O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqealardan biri ekaniga e'tiborni qaratdi. Binobarin, Murojaatnomada sohalar faoliyati, shu jumladan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim yo'nalishlari aniq belgilab berilgan.

Prezidentimiz Parlamentga Murojaatnomasida O'zbekiston demokratik islohotlar yo'lidan qaytmasligini, bu bilan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar davom ettirilishini ta'kidladi.

Ahamiyatlisi, davlat faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka kart-blansh, ya'ni keng vakolatlarni taqdim etmoqda. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy buyurtma asosida hududlardagi haqiqiy manzarani aniqlash, turli darajadagi muammolarni chuqur tahlil qilish, yechimini topish va jamoatchilik nazoratini ta'minlash bo'yicha takliflarni ishlab chiqishga jalb qilinadi.

Bunda, birinchi navbatda, ta'lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xizmatlar, bandlik, ijtimoiy xizmatlar kabi sohalarga e'tibor qaratiladi. Ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda davlat byudjetidan 60 milliard so'm ajratilishi rejalashtirilgan, bu 2019 yilga nisbatan ikki baravar ko'p.

Konferentsiya davomida parlament a'zolari, NNT vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining jihatlarini ko'rib chiqdi. Ta'kidlanganidek,  NNTlar fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga ega, iqtisodiy rivojlanish, davlat va jamiyat boshqaruvi muammolari bilan shug'ullanadi. Ular joylardagi haqiqiy holatdan yaxshi xabardor bo'lib, turli tadqiqotlar olib borishmoqda.

Qonunchilik hujjatlari, rivojlanish dasturlari muhokamasiga jamoatchilikni keng jalb etish ularning qamrovini oshiradi, qonunchilikni takomillashtirishda ko'pchilikning fikrini aks ettirishni ta'minlaydi. Bundan tashqari, jamoat tashkilotlari xodimlari va faollari salohiyati va vakolatlaridan foydalanish mahalliy darajada qonunchilik ijrosi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o'tkazishga imkon beradi.

Xalqaro anjumanda "Faol fuqarolar" umummilliy festivaliga start berildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech