Quva tumanida 12 iyul kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sib borayotgan aholi talabini ta’minlash uchun iqtisodiyotni izchil rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
– Farg‘ona katta viloyat. Hozirgi kunda aholi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan 2030 yilga borib 5 millionga yetadi. Bu aytishga oson. Lekin bu raqam ortida qancha mas’uliyat va javobgarlik bor. Har yili yangi bog‘cha va maktablar, uylar qurish, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish zarur. Shuning uchun hozirgi tahlikali zamonda qanday qilib iqtisodiyotimizni barqaror qilamiz, degan savol hammamizni qiynashi kerak, – dedi Prezident.
So‘nggi yetti yilda viloyatda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yo‘l, suv, yer, uy-joy, ta’lim va tibbiyot infratuzilmasi yaxshilandi. Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi.
Eksport ham oshayapti. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 722 million dollarni tashkil etdi. Farg‘onalik korxonalar 60 ta yangi bozorga kirib bordi.
Lekin 19 ta korxonada quvvatlar pasaygan. 3 ta loyihani ishga tushirish kechikkan. 6 ming 700 ta korxonada ish o‘rinlari kamaygan. O‘tgan yili eksport qilgan 135 ta korxona bu yil hali chetga mahsulot sotmagan.
Viloyat sanoat o‘sishi bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda. Shuncha sharoit bo‘la turib, Farg‘onada o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 220 million dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘lgan. Atigi 30 foiz ip kalava qayta ishlanmoqda.
Ro‘yxatga olingan 545 ta tadbirkor hisobraqam ochmagan, mingdan oshig‘i bank orqali aylanma qilmagan. Shu bois ishchilar to‘layotgan daromad solig‘ining yarmini tuman byudjetida qoldirish masalasi qo‘yildi. Bu orqali tumanda manfaat ko‘payishi, tadbirkorlarni “soyadan” chiqarishi aytildi.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Ishsiz va muhtojlarga bank-moliya orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi. Endi yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilayapti.
Davlatimiz rahbari buni Bog‘dod tumani misolida tahlil qilib, tizim takomillashtirilishini aytdi.
– Kambag‘al deb qancha nafaqa to‘laganimiz bilan, ish topib bermasak, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta kelaveradi, boqimandalik kuchayib boraveradi. Shu bois endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘ladi. Buni respublikada Ijtimoiy himoya agentligi boshqaradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidentining 10 iyuldagi qaroriga ko‘ra, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududi Quvasoy shahrining Pakana, Kokilon va So‘fon mahallalaridagi 210 gektarga kengaytirildi. U yerda 2026 yil oxirigacha kamida 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 11 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 965 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi belgilangan. Mutasaddilarning bu boradagi vazifalari yana bir ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Xitoy tajribasi asosida 19 ta tuman-shaharning har biri sanoatning aniq yo‘nalishiga ixtisoslashtirilib, sanoat zonalari tashkil qilinadi.
Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish sharti bilan qo‘shimcha 1 ming 210 gektar yer ajratiladi. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida direksiya tashkil qilinib, ushbu yerlar uning ixtiyoriga beriladi. Mahalliy tadbirkorlar sanoat zonalaridagi binolarni ijaraga yoki muddatli sotib olishi mumkin bo‘ladi.
Sanoatni tuman va mahallaga tushirish uchun infratuzilma xarajatlariga 50 million dollar ssuda ajratiladi. 161 ta yirik mahallada ham 4-5 qavatli sanoat markazlari tashkil qilinadi.
Davlatimiz rahbari Farg‘onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Xususan, energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyiha qilinadi. 700 million dollarlik investitsiya hisobidan 230 turdagi yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Elektr texnikasi sanoatida 420 million dollarlik, avtomobilsozlikda 500 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Quvasoyda elektromobilni zaryadlash stansiyasi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. To‘qimachilik tarmog‘ida 300 million dollarlik loyiha orqali ip-kalavani qayta ishlashni 60 foizga olib chiqish mo‘ljallangan.
Qishloq xo‘jaligi sohasi tahlil qilinar ekan, so‘nggi uch yilda 110 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun 25 ming gektardan ziyod yer ajratilgani qayd etildi. Bu yerlarda uch martagacha hosil olish muhimligi aytildi.
Farg‘ona tumanida 200 gektarda sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlarini ekiladi. Qo‘shtepa va Yozyovonda yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari barpo etiladi. Yirik bog‘bonlarning yerida muzlatkichli omborlar tashkil qilinadi.
Bog‘bon-tadbirkorlar uchun qator yangiliklar e’lon qilindi. Meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6 foizgacha qismi qoplab beriladi. Quvasoy shahridagi 616 ta fermerning og‘irini yengil qilish uchun yer solig‘i yarmiga kamaytiriladi.
Farg‘onada turizm salohiyati ham katta. Sayyohlarga qulaylik yaratish uchun Shohimardon va Yordon qishloqlariga vertolyot parvozini yo‘lga qo‘yish, “Vodil” va “Oq-qiya” postlariga xalqaro maqom berish masalasi ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu qishloqlar va Vodil shaharchasining master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Farg‘ona tumanini turistik rekreatsion zona qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda Quva tumanida qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va xizmatlarni rivojlantirish, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p qavatli uylar, sanoat korxonalari, madaniyat va turizm maskanlari barpo etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish va shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Qo‘qon va Marg‘ilonda nuroniylar, imom-xatiblar, mahalla faollaridan iborat Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlarini tuzish taklifi ilgari surildi.
Yig‘ilganlar ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, tarbiyasi og‘ir yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga o‘z o‘rinini topishida yordam berish, ularni ma’rifatga chorlash, ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha tajriba yaratilsa, bu butun respublikaga namuna bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Umuman, viloyat hokimi va o‘rinbosarlari, shahar va tuman rahbarlari mas’uliyatini oshirib, yil yakuniga qadar asosiy kapitalga 2,1 milliard dollar qo‘shish, 400 ming odamni band qilish, 80 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha xalq oldida kafolat berdi. Viloyat kengashi deputatlari komissiya tuzib, buni nazoratga oladi.
Bank va hududiy filiallar boshliqlari ishlab chiqarish, xizmatlar, bandlik dasturlarini moliyalashtirish rejalari bo‘yicha hisobot berdi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot qildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 15.07.2024
- Ko'rishlar: 1588
- Chop etish