— Bu markaz qurilishini eshitgandim, ammo bu qadar mahobatli ekanligini oʻylamagandim. Oddiy qurilish boʻlayotgandir, deb oʻylagandim. Lekin koʻrdimki, juda keng qamrovli ish olib borilyapti. Oʻzbekiston rahbariyatining, madaniy merosni oʻrganishga, islom tamadduniga davlat darajasida bunday eʼtibor qaratayotgani juda meni hayratlantirdi va quvontirdi. Davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan juda katta amaliy ish boʻlayotganiga amin boʻldim. Dunyoning koʻplab davlatlarida boʻlganman, ammo islom madaniyati va sivilizatsiyasiga yuksak eʼtiborni Oʻzbekistonda koʻrdim”, — dedi Salim ibn Muhammad al-Malik.
Martabali mehmon Markazda ICESCO tashkiloti uchun ajratilgan xona va yaratilayotgan sharoitlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik bildirib, kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazida ICESCOʻga aʼzo davlatlar mutaxassislari uchun fan, madaniyat va boshqa sohalarda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, yirik forum va simpoziumlar tashkil etish tashabbuslariga xayrixohligini maʼlum qildi.
Markaz binosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishilgandan soʻng, ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Jumladan, Markaz direktori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusida xalqaro global koʻrgazmani tashkil etish rejalashtirilayotgani, hozirgi kunga kelib Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur gʻoyasini 12 ta xorijiy mamlakatlar, xususan, Malayziya, Yaponiya, Pokiston, Hindiston, Quvayt, BAA, Rossiya, Ozarbayjon, Italiya, Germaniya singari xorijiy davlatlardagi muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar bilan muzokaralar olib borilib, Markazda tashkil etiladigan global xalqaro koʻrgazmada ishtirok etish uchun kelishuvga erishilgani haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, janob Salim Al-Malik ICESCOʻga aʼzo islom davlatlarida saqlanayotgan va Oʻzbekistonga bevosita aloqador boʻlgan tarixiy artefaktlar, qimmatli qoʻlyozmalarning maxsus koʻrgazmasini oʻtkazishga ham amaliy yordam berishini, yurtboshimizning mazkur ulugʻvor gʻoyasini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi.
Shuningdek, muloqot chogʻida ICESCO rahbari Oʻzbekistonda oʻtkazilishi kutilayotgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotganiga ham toʻxtaldi. Oʻz navbatida Markaz direktori ham bu konferensiya juda ahamiyatli ekanligini qayd etgan holda unga tayyorgarlik ishlarida hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.
Salim Al-Malik Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi olimlari va tadqiqotchi xodimlari uchun ICESCO eshiklari har doim ochiq ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, uchrashuv davomida ikkita yirik tashkilot oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaz direktori martabali mehmonni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosni oʻrganish, tadqiq qilish, izlanishlar olib borilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishtirdi. Xususan, noyob qoʻlyozmalarning faksimil nusxalarini tayyorlash, nashriyot ishlari kabi yoʻlga qoʻyilgan bir qator loyihalar doirasida Yer yuzidagi eng qadimiy nusxalardan biri hisoblangan Katta Langar Qurʼonining tarqalib ketgan qoʻlyozmalari tadqiq qilingani, Oʻzbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalari yagona jildda chop etilgani haqida ham maʼlumot berdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ICESCO rahbariga ana shu Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasini hadya qildi.
— Men davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fan, maʼrifat, madaniy meros, islom qadri qimmati uchun yaratilayotgan eʼtibordan mamnun boʻldim. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi buning yaqqol isboti va namunasi ekanligini angladim. Dunyoning juda koʻp davlatlarida hukumat va davlat rahbarlaridan koʻplab sovgʻalar olganman, lekin Katta Langan Qurʼoni faksimilesi tuhfasi men uchun hayotimdagi eng qimmatlisi boʻldi, — dedi Salim Al-Malik.
Hamkorlik materiali
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»