Saudiyada Jahon sun’iy intellekt sammiti bo‘lib o‘tmoqda

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistonida Ma’lumotlar va sun’iy intellekt boshqarmasi (SDAIA) tomonidan tashkil etilgan uchinchi Jahon sun’iy intellekt sammiti davom etyapti.

Anjumanda Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al-Malik boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashyapti.

Ar-Riyoddagi Qirol Abdulaziz xalqaro konferensiya markazi qarorgohida mahalliy, mintaqaviy va xalqaro arboblar, iqtisodiy siyosatchilar, fikr yetakchilari va mutaxassislar to‘plangan. Ular qator sessiya va seminarlarda dunyoning turli burchaklaridan kelgan hamkasblari bilan soha aspektlari, rivojlanish va kelajakni shakllantirish bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb mavzularni muhokama qilmoqda. Tadbir dasturida “Sun’iy intellektni boshqarish va rivojlantirish tamoyillari”, “Sun’iy intellekt asrida sanoat raqamli transformatsiyasini tezlashtirish” mavzulariga oid jami 150 dan ortiq ma’ruza rejalashtirilgan.

ISESCO rahbari Podshohlik bilan hamkorlik samarasi o‘laroq ishga tushadigan “Islom dunyosi uchun sun’iy intellekt bo‘yicha Ar-Riyod Xartiyasi”ni e’lon qiladi.

“Sun’iy intellektda strategik boshqaruv: qonun va axloq orasida” mavzusidagi ishchi sessiyada Buyuk Britaniyaning “Oxford Insight Foundation” bosh direktori Richard Stirling, “O‘mon Sultonligida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, tadqiqot va innovatsiya bo‘yicha amaliy tadqiqot” dasturida Texnologiya va fan universiteti vitse-prezidenti Said Jabub, shuningdek Parijdagi raqamli muhandislik maktabi sun’iy intellektni qo‘llashda etika masalasi bo‘yicha professori Emmanuel Joffe chiqish qiladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech