Shu yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengash deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Saylov — har bir partiya uchun katta sinov, shu bilan birga keng imkoniyat va mas’uliyat degani. Ayniqsa, bu yilgi yangicha, aralash tizimda o‘tadigan saylovlarda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi o‘zaro raqobat, g‘oyaviy kurash yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.
Saylovning eng asosiy ishtirokchilari bo‘lgan siyosiy partiyalar mazkur siyosiy tadbirdagi muhim hujjat — o‘z Saylovoldi dasturlarini e’lon qildi. Shuningdek, parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlarini ilgari surdi.
Qayd etish lozimki, saylov qonunchiligiga ko‘ra, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender tenglik siyosati, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksaltirish borasidagi islohotlarga mos va hamohang bo‘lgan jihatdir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatimizdagi har bir siyosiy partiya parlament quyi palatasi deputatligiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatdi. Xususan, partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bir mandatli okruglar (majoritar tizim) bo‘yicha 75 nafar, partiyaviy ro‘yxat (proporsional tizim) bo‘yicha 100 nafar, jami 175 nafardan nomzodlar ilgari surildi. Xo‘sh, ushbu nomzodlar orasida ayollar necha foizni tashkil etmoqda?
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarning 43 foizi ayollardan iborat.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan jami 175 nafar nomzodlarning 76 nafari yoki 43,4 foizi ayollardir.
O‘zbekiston Ekologik partiyasining V Forumida tasdiqlangan deputatlikka nomzodlarning 44,6 foizi ayollardan iborat.
Xalq demokratik partiyasidan esa 47,4 foiz ayol nomzodlar ilgari surildi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning 45 foizi ayollardan iboratdir.
Demak, qonunchiligimizda belgilangan ayol nomzodlar bo‘yicha 40 foizlik talabga barcha siyosiy partiyalar tomonidan to‘la amal qilingan. Oldimizda turgan saylovda ishtirok etadigan partiyalar nomzodlarining 43 foizdan 47,4 foizigacha bo‘lgan qismi ayollardan iborat tarkibda shakllantirilgan. Bu esa yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, davlat hokimiyatidagi ishtirokini kengaytirishga zamin bo‘ladi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, 2019 yilgi saylovda parlamentning quyi palatasiga 48 nafar ayol deputat saylanib, deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etgan edi.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilgan edi.
Yangi chaqiriqda parlamentimizda xotin-qizlar soni qanday bo‘lishi bu yilgi saylov natijalariga bog‘liq, albatta. Faol va tashabbuskor ayollarning parlamentga kelishi xotin-qizlar huquq va mafaatlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 09.09.2024
- Ko'rishlar: 1706
- Chop etish