“Xalqaro minbar” loyihasining navbatdagi mehmoni – irlandiyalik davlat va siyosat arbobi Saymon Xarris. U 1986 yil 17 oktyabrda tug‘ilgan.
2016 yildan boshlab hukumatda vazir, 2020 yil iyun oyidan buyon qo‘shimcha va oliy ta’lim, tadqiqot, innovatsiya va fan vaziri, 2022-2023 yillari adliya vaziri lavozimida ishlagan. 2024 yil mart oyidan Irlandiya Respublikasi liberal-konservativ siyosiy partiyasi – “Fine Gel” rahbari va Bosh vaziri.
Irlandiya, Armaniston, Sloveniya, Ispaniya va Norvegiya tomonidan Falastinning tan olinishi ikki davlat modeli konsepsiyasiga yangi hayot baxsh etdi.
Irlandiya Bosh vaziri Saymon Xarrisning fikricha, faqat shu variant Isroil va Falastin o‘rtasida barqaror tinchlikka umid beradi.
“Xo‘sh, nima uchun Falastinni tan olish kerak?” degan savolga Xarris shunday javob bergan:
– Boshqalar murosani buzishga harakat qilayotgan bir paytda biz muammo yechimi yo‘lida umid, orzu va jadallikni saqlab qolishimiz kerak. Irlandiya Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘li ikki davlat modelidan o‘tadi, deb hisoblaydi. Aks hola tinchlikka erishish qiyin. Mamlakatimiz aynan shu g‘oya siyosiy jarayonning muhim qismiga aylanishini istaydi. Bunday yondashuv dastlab hukumatimiz dasturida jamlangan maqsadlar ro‘yxatiga ham kiritilgan edi. Biz abadiy kuta olmaymiz: Oslo kelishuvidan keyin ko‘p vaqt o‘tdi. Ikki davlat yechimining ahamiyati haqida gapirishimiz kerak, chunki faqat shu yo‘l Isroil va Falastin xalqi hamda butun mintaqa munosib bo‘lgan barqarorlikni, tinchlikni kafolatlaydi. Biz yevropalik hamkasblarimiz bilan faol hamkorlik qilib, Norvegiya va Ispaniya bilan kelishib ish olib bordik. Kelgusi haftalarda boshqa Yevropa davlatlari ham Falastinni tan olishini kutaman.
Netanyaxu hukumati ikki davlat yechimini amalga oshirish tarafdori, deb o‘ylamayman. Bu mavzuda turli xilfikrlarni eshitganmiz. O‘tgan yillar davomida bir qarorga kelish zarurligi haqida keng konsensus mavjud edi. Afsuski, so‘nggi oylarda, G‘azoda tasavvur qilib bo‘lmaydigan gumanitar falokat ro‘y berayotgan bir paytda yagona umidni so‘ndirishga urinish holatini tez-tez ko‘ryapmiz. Shuning uchun Falastinda ham, Isroilda ham mo‘’tadil ovozlarni qo‘llab-quvvatlash juda muhim.Zero, hozir Irlandiya va boshqa davlatlar Falastinni tan olish orqali nimani ko‘zlayotgani haqida juda ko‘p noxolis ritorika mavjud.
Biz terrordan nafratlanamiz. Bunday tashkilotlar Falastin kelajagi uchun hech narsa bermaydi. Irlandlar terror tashkiloti, asosan, ayrim odamlarni shaxs sifatida o‘z izmiga bo‘ysundirishi nimani anglatishini yaxshi biladi. XAMAS Falastin emas va biz orasidagi farqni tushunamiz. Isroilni, ushbu davlatning tinchligi, xavfsizligi, yashash huquqini to‘liq tan olamiz. Bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirish mutlaqo normal holat. Binobarin, Falastin ham tinch, xavfsiz yashashi zarurligini tan olish to‘g‘ri bo‘lardi. Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan nafrat, qasos, o‘lim, iztirob va qo‘rquv davrini to‘xtatishga harakat qilishimiz kerak. Maqsadga ikki davlat tan olingan siyosiy tinchlik jarayoni orqali yetish mumkin.
Men biror davlatning muayyan masala bo‘yicha fikr bildirish huquqini tan olaman. Irlandiya nuqtai nazarida xalqaro sud tuzilmalari, xususan Xalqaro sud va Xalqaro jinoiy sud mustaqilligini hurmat qilish juda muhim. Bunday tuzilmalar xizmatini tan olamiz. Yaqin kunlar, haftalar yoki oylarda qabul qilinadigan sud qarorlari mustaqilligi borasida esa hozircha hech qanday izoh berishni xohlamayman.
Eng muhimi, hammamiz xalqaro huquq va inson huquqi tomonida bo‘lishimiz lozim. Irlandiyaning nuqtai nazari shunday. Afsuski, bizning qarashimiz ko‘pincha, tasodifanmi yo ataylabmi, noto‘g‘ri talqin qilinadi.
Gap Isroil yoki Falastinni emas, xalqaro huquq, inson huquqi va tinchlikni yoqlashda. Hozir G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarni esa tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Huquqiy darajada, Irlandiyadagi Falastin missiyasi oxir-oqibat elchixona maqomini olish uchun ariza topshirishi, Ramallohdagi bizning missiyamiz ham shunday qilishi mumkin. Bu shunchaki pozitsiya emas, balki siyosiy va ma’naviy yetakchilikni qo‘llab-quvvatlash. Qolaversa, ayni shunday imkoniyatni ko‘rib chiqayotgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga bu ishni amalga oshirish mumkinligi to‘g‘risidagi signaldir.
Eslatib o‘tamiz, 1988 yil mustaqilligini e’lon qilgan Falastin Yaqin Sharqdagi qisman tan olingan davlat. O‘tgan davr mobaynida 148 mamlakat Falastinni alohida davlat sifatida tan olgan.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 15.07.2024
- Ko'rishlar: 1179
- Chop etish