Senat: bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish zarur

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

Mazkur tadbir Senatning birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

O‘rganish ishlari mas’ul vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolaridan iborat ishchi guruh tomonidan olib borildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida Toshkent shahrida bolalarga nisbatan bir necha marotaba jinoyat sodir etilishi holatlari qayd etilgan. Mazkur jinoyatlar orasida qasddan odam o‘ldirish, badanga shikast yetkazish, bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish va bezorilik kabi jinoyat turlari ham mavjud.

O‘rganishlar natijasida bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida uzviy hamkorlik to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, bu borada yuritiladigan ma’lumotlar o‘zaro integratsiya qilinmagani aniqlandi. Bu esa, o‘z navbatida, sohaga doir ma’lumotlarni yuritishda ayrim nomuvofiqliklarni ham keltirib chiqargan. 

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida maktab yoshidagi bolalar uchun ta’lim olish imkoniyati yaratib berilmagani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Toshkent shahridagi 22-sonli Mehribonlik uyida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyati o‘rganildi. Mutasaddi tashkilotlarning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlari va loyihalari bilan tanishildi.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli  idoralarga ko‘rsatmalar berildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar Senat tomonidan nazoratga olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech