Senatda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 Joriy yilning 17-yanvar kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-iyundagi Farmoni bilan xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimi takomillashtirilib, sohada parlament nazorati kuchaytirilgani aytib o‘tildi.

Farmon bilan mazkur sohada bir qator yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etilgani, xususan, mutasaddi vazirlik va idoralar tegishli xalqaro reyting hamda indekslarga biriktirilgani, har yili O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy maʼruzani muhokama qilish tartibi joriy etilgani alohida qayd etildi.

Shundan so‘ng yig‘ilishda 2024-yil davomida O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarga eʼtibor qaratildi.

Binobarin, respublikamiz uchun ustuvor bo‘lgan 9 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangani, shu jumladan, Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 2024 yilda avvalgi hisobot davriga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 193 ta davlat orasida 63-o‘rinni egallagani aytib o‘tildi.

Mamlakatimiz elektron hukumat sohasida rivojlanish bo‘yicha “yuqori” guruhdan “juda yuqori” guruhga ko‘tarilgan 17 ta davlat qatoridan joy oldi.

Jahon bankining 2023-yil uchun eʼlon qilingan Statistika faoliyati samaradorligi indeksida respublikamiz o‘z ko‘rsatkichlarini 17 pog‘onaga yaxshilab, 217 ta davlat orasida 62-o‘ringa ko‘tarildi.

Umuman olganda, so‘nggi 7 yilda mazkur Indeksda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 89 pog‘onaga yaxshiladi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekistonning xalqaro reytingdagi o‘rni yaxshilanishi borasida yana bir qator maʼlumotlar aniq raqamlar misolida aytib o‘tildi.

Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida mamlakatimiz 48 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egalladi.

Hisobotda O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan muhim islohotlarni amalga oshirgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda ijobiy natijalar bilan birga ayrim indekslardagi pasayishlar muhokama qilindi hamda tegishliligi bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralar vakillarining fikrlari eshitildi.

O‘z navbatida, mamlakat imijiga salbiy taʼsir etuvchi bu kabi holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish zarur ekanligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy maʼruza loyihasi haqida so‘z bordi.

 Shu bilan birga, yig‘ilishda ustuvor xalqaro reyting va indekslarga ilmiy-tadqiqot muassasalari ham biriktirilib, 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlari loyihalari muhokama qilindi.

   Yig‘ilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech