Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Aholi salomatligini mustahkamlash, kasallikni erta aniqlash va davolashda birlamchi bo‘g‘in juda muhim. Shuning uchun davlatimiz rahbari bu yo‘nalishdagi islohotlarni xalqimizning, ayniqsa, olis hududlardagi aholining talab va ehtiyojlarini chuqur o‘rgangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlardan yana biri – davlat tibbiy sug‘urtasi. Bu borada muayyan ishlar boshlangan va tayyorgarlik ko‘rilgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini shu yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish taklif etilmoqda.
Buning uchun 2024-yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilinadi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitiladi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanadi.
Bu tizimning ahamiyati shundaki, tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq qilinadi. Sug‘urta doirasida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini boshqa hududlarda 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 1101
- Chop etish