Dunyo bo‘ylab odam savdosiga qarshi kurashish hamon dolzarbligini yo‘qotmadi. Chunki dunyo bo‘ylab migratsiya jarayonlarining faollashgani bu jinoyatning zimdan rivojlanishiga sharoit yaratdi. Chunki odamlar mo‘may daromad va’da qiluvchi odam savdosi korchalonlarining tuzog‘iga ilinib qolmoqda.
O‘zbekistonda odam savdosi jinoyati kamaydimi? Sudlarda bu yo‘nalishda qanday ishlar ko‘rib chiqilmoqda. Toshkent shahar sudi sudyasi Jasur Sirojev bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Odam savdosiga qarshi kurashishda, eng avvalo, BMTning shu maqsadga qaratilgan konvensiyalari muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda ham odam savdosiga qarshi kurashishga oid xalqaro huquq normalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan.
Keyingi yillarda odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan, deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi belgilandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda mazkur jinoyatga qarshi kurashishning qonuniy asoslari mustahkamlandi. Odam savdosiga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan nodavlat tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilmoqda.
– Sudlarda odam savdosi bilan bog‘liq qanday ishlar ko‘rib chiqilmoqda?
– Keyingi paytda, ming afsuski, bola sotish jinoyatiga qo‘l urayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Misol uchun, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Yakkasaroy tuman ichki ishlar organi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘linmasiga boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida uch nafar ayol 2-sinfda o‘qiydigan qizni 100 million so‘m evaziga sotmoqchi ekanligi haqida ma’lum qilgan.
DXX xodimlari hamda Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida, Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor mahalla fuqarolar yig‘inida 1987 yilda tug‘ilgan O. ismli ayol, 1996 yilda tug‘ilgan G. Ismli ayol, 1960 yilda tug‘ilgan H. ismli ayol o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, bola sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olingan.
Ular 2015 yilda tug‘ilgan qizni olib kelib, bolani sotib olmoqchi bo‘lgan ayolga qizning tug‘ilganlik haqida guvohnomasini berib, unga farzandini sotishini aytib, evaziga 8,7 ming va 800 AQSH dollari pul mablag‘larini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor xodimlar tomonidan bir ayoldan 8,7 ming AQSH dollari, boshqasidan 800 AQSH dollari pul mablag‘lari va bolani sotib olmoqchi bo‘lgan ayoldan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma daliliy ashyo sifatida dalolatnoma asosida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Ishga aloqador barcha shaxslar qonunda belgilangan tartibda jazoga tortildi.
– Odam savdosi jinoyatidan kimlar ko‘proq jabr ko‘rmoqda?
– 2023 yilda Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan 126 nafar shaxs sudlanib, ularning 84 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 42 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar (shartli va ozodlikni cheklash) tayinlangan.
Sudlanganlarning 111 nafari ayol, 15 nafari esa erkak. Ushbu jinoyat oqibatida 242 nafar shaxs jabrlangan bo‘lib, shulardan 151 nafarini ayollar hamda 24 nafarini 3 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar tashkil qilgan.
2024 yilning yanvar-may oylarida Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan 69 nafar shaxs sudlanib, ularning 52 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 17 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar (jarima, shartli va ozodlikni cheklash) tayinlandi.
Sudlanganlarning 53 nafari ayol, 16 nafari esa erkak. Ushbu jinoyat oqibatida 86 nafar shaxs jabrlangan bo‘lib, shulardan 63 nafarini ayollar hamda 14 nafarini 3 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar tashkil etdi.
Ko‘rinib turibdiki, ayollar va bolalar bu jinoyatdan ko‘proq aziyat chekmoqda.
To‘g‘ri, keyingi yillarda odam savdosidan ogoh etishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining kuchaytirilgani natijasida aholining bu illatdan xabardorligi oshgan. Natijada bunday jinoyatlar keskin kamaydi. Biroq bu borada hech kim jabr chekmasligi kerak. Odam savdosiga qarshi kurashuvchi tuzilmalar, keng jamoatchilik, har birimiz ana shu maqsad yo‘lida kurashishimiz darkor.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 10.10.2024
- Ko'rishlar: 639
- Chop etish