Tayvo Klaar: “Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanadi”

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda yangi imkoniyatlar ochmoqda. “Umumiy imtiyozlar tizimi plyus”ning (GSP+)  tizimi doirasidagi savdo imtiyozlari O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoriga chiqishiga yo‘l ochib, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyot, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni ham qo‘llab-quvvatlab, uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlashga intilmoqda. 

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik qanday rivojlanmoqda? So‘nggi yillarda qaysi sohalarda hamkorlik jadallashyapti? Shu va shu kabi savollarga javob olish uchun  O‘zA muxbiri Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan suhbatlashdi.

– Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari yildan yilga faollashmoqda, – deydi Toyvo Klaar. – Mamlakat iqtisodiyotining tezkor o‘sishi sharoitida tomonlar o‘rtasida eksport va import hajmi ortayotir. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonga “GSP+” tizimining taqdim etilishi o‘zbek eksportchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. Natijada, 2023 yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti taxminan 1 milliard yevroni, import esa 4,5 milliard yevroni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga eksport qilinayotgan mahsulotlar qatorida, ayniqsa, mashinasozlik uskunalari va yuqori texnologiyali mahsulotlar muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilinayotgan mahsulotlar assortimenti ham ko‘paydi. Ilgari asosan to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsa, hozirgi kunda farmatsevtika mahsulotlari ham eksport qilinmoqda. Bu “GSP+”  tizimining amaldagi samarasidir. Chunki bu tizim O‘zbekiston mahsulotlarini bojsiz Yevropa bozoriga chiqarish imkonini bermoqda.

– Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qanday qo‘llab-quvvatlamoqda? Bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar nimalardan iborat?

–Men uchta ustuvor yo‘nalishni alohida ta’kidlagan bo‘lar edim. Birinchisi – yaxshi boshqaruv, ikkinchisi – “yashil” iqtisodiy o‘tish, uchinchisi esa agrosanoat sektori.

Yaxshi boshqaruv eng birinchi o‘rinda turadi, chunki u barcha jarayonlar uchun asos hisoblanadi. Yaxshi boshqaruv deganda qonun ustuvorligi, shaffof tartib-taomillar, investitsiya muhiti nazarda tutiladi. Bunday muhit yangi sarmoyalar oqimini rag‘batlantirib, investorlarga o‘z mablag‘larining himoyalanganiga ishonch bildiradi. Shuning uchun bu eng asosiy va muhim omildir. Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashish ham ushbu jarayonning ajralmas qismi. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu masalaning muhimligini alohida ta’kidladi va biz O‘zbekistonni korrupsiyaga qarshi kurash hamda umumiy ravishda yaxshi boshqaruvni takomillashtirish borasida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu esa mamlakatga ko‘proq investitsiya jalb qilishga yordam beradi.

“Yashil” iqtisodiy o‘tish masalasiga kelsak, bu yerda suv va energiya masalasi nihoyatda muhim. Bir tomondan O‘zbekiston yangi energiya manbalarini rivojlantirishi zarur. Bu Prezident yuritayotgan siyosatning  ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ko‘p bora eshitganmiz. Shu bilan birga suv kam uchraydigan resurs bo‘lib, uni muhofaza qilish va samarali foydalanish lozim. Yevropa Ittifoqi bu borada O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilmoqda. Albatta, agrosanoat sektori ham juda muhim. U yuqoridagi ikki yo‘nalish bilan bog‘liq bo‘lsa-da, eng avvalo, sifatli mahsulot ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bu nafaqat eksport, balki mahalliy iste’molchilar uchun ham juda ahamiyatli. Ular iste’mol qilayotgan mahsulot sifatli va xavfsiz bo‘lishi kerak. 

–Ashxobodda 27 mart kuni Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 4 aprel kuni esa Samarqandda birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti o‘tkaziladi. Ushbu xalqaro tadbirlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka qanday ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda?

–Bu bizning munosabatlarimiz qanchalik jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Yaqinda Ashxobodda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi Shuningdek, Oliy vakil Kaya Kallas O‘zbekistonga tashrif buyurib, Prezident Mirziyoyev bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.

Ta’kidlaganingizdek, 4 aprel kuni Samarqandda birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti o‘tkaziladi. Bu bizning munosabatlarimiz haqiqatan ham kengayib, chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo  ikki mintaqa bo‘lib, ular barqarorlik, xalqaro huquqning muhimligi, xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti majburiyatlariga rioya qilish kabi umumiy manfaatlarga ega. 

Shuningdek, bu ikki mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, xususan, savdo va insonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim sanaladi. Shunday ekan, men bu rivojlanishni juda muhim deb bilaman. Biz Markaziy Osiyo yetakchilari, jumladan,  Prezident Shavkat Mirziyoyev  tomonidan beshta Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga katta e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Buni qo‘llab-quvvatlaymiz va bunday mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini alohida e’tirof etamiz.

Biz Yevropada o‘nlab yillar davomida mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish tajribasiga egamiz. Hozir esa Markaziy Osiyoda ham aynan shu yo‘nalishda qiziqish ortayotganini ko‘ryapmiz. Ular aynan bizdagi modelni takrorlamasligi mumkin, lekin besh mamlakat o‘rtasida kuchli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ko‘proq investitsiya jalb etish imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, men avval ta’kidlagan suv va energiya kabi kam uchraydigan resurslardan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Biz o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashishni, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikdan foydalanishni xohlaymiz. Biz hozirgi munosabatlar mustahkamlanishi va jadallashishi ortida  ana shunday ezgu maqsadlar turganini ko‘ryapmiz.

– Yevropa Ittifoqi - O‘zbekiston strategik sherikligi doirasida siyosiy va iqtisodiy hamkorlik qaysi yo‘nalishlarda taraqqiy etmoqda? Yangi tashabbus va loyihalar haqida ma’lumot bersangiz?

–Eng muhim jihat shundaki, men Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida joriy yilda imzolanishi kutilgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik kelishuvini (EPCA) ta’kidlamoqchiman. Bu yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochadi. Bu kelishuv Prezident  Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi davomida imzolanishi mumkin. Bu voqea bizning munosabatlarimizda tarixiy ahamiyat kasb etadi. Aytganimdek, yangi va kengaytirilgan sheriklikka poydevor bo‘ladi. Bu men ta’kidlamoqchi bo‘lgan birinchi jihat. Ikkinchisi esa O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishidir. Bu mamlakat uchun muhim maqsad bo‘lib, Yevropa Ittifoqi buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqinda Bryusselda bu borada faol muzokaralar o‘tkazildi va biz ushbu muhokamalarni O‘zbekistonning JSTga imkoni boricha tezroq a’zo bo‘lishi uchun davom ettiramiz.

Albatta, men “GSP+” tizimi va uning O‘zbekistonga keltirgan foydasini ham tilga oldim. Shunday qilib, biz kelishuvlar orqali yangi imkoniyatlar ochilayotgan sohalarni ko‘ryapmiz. Biz aynan shu yo‘nalishlarda ishlashimiz zarur, deb o‘ylayman.

– O‘zbekistonning “GSP+” tizimidagi ishtiroki amaliyotda qanday natijalar beryapti? Yevropa Ittifoqi bu jarayonni yanada samarali qo‘llab-quvvatlash uchun qanday choralar taklif qilmoqda?

– Eng avvalo, “GSP+” tizimi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilariga Yevropa bozoriga 6 000 dan ortiq turdagi mahsulotni soliqsiz eksport qilish imkonini beradi va bu katta qulaylik. Hozirga qadar bu imkoniyatdan to‘liq foydalanilmagan. Shuning uchun biz O‘zbekiston va uning hukumati bilan birgalikda ishlashimiz lozim. Shundagina ushbu tizimdan o‘zbek tadbirkorlari maksimal foyda olishlari uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Biz yaqinda O‘zbekistonda missiya o‘tkazdik va taraqqiyotni baholash maqsadida nafaqat O‘zbekiston hokimiyati, balki fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham muhokamalar olib bordik.  “GSP+” – O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish va mamlakat tadbirkorlariga Yevropa Ittifoqiga ko‘proq mahsulot eksport qilish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu tizim ushbu zaminda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni mustahkamlashga yordam beradi.

–Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligi doirasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalarida qanday aniq loyihalar amalga oshirilmoqda? Ularning natijalari qanday baholanadi?

– Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ko‘plab ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirda biz uchta agrar kollej, bitta irrigatsiya kolleji va to‘rtta o‘qituvchi tayyorlash kollejlari bilan ishlayapmiz. Bu o‘qituvchilarni tayyorlashga qaratilgan loyihalar asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, biz o‘qituvchilarni tayyorlashga yordam beryapmiz, ular esa yangi avlod talabalarini o‘qitish uchun bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki biz uchun ham juda muhim soha deb o‘ylayman. Shuningdek, talabalar almashinuvi va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikda Erasmus+ dasturi muhim rol o‘ynaydi. Bu juda ommalashgan dastur bo‘lib, men uni hozirgi kunda O‘zbekiston bo‘ylab ko‘rdim. Turli kollej va universitetlarga tashrif buyurdim. Oliy ta’lim muassasalari va vazirliklar vakillari bilan muloqotlar o‘tkazdim. Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan ushbu dastur juda qadrlanadi va kelajakda yanada ko‘proq hamkorlik qilishga umid qilamiz. Men ta’lim va ta’lim sohasidagi hamkorlikni ikki tomon o‘rtasidagi asosiy soha, deb hisoblayman. Biz O‘zbekistonda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirayotganimizdan mamnunman.

– O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida qaysi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? 

– Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida bir nechta sohalarda hamkorlik olib borilmoqda. Yaqinda men Statistika agentligida bo‘lib, Yevropa Ittifoqining ushbu tashkilotga va uning faoliyatiga qanday yordam berishini muhokama qildik. Bundan tashqari, biz xavfli pestitsidlar, energiya va suvni samarali ishlatish, gidroenergetika, umumiy rejalashtirish, samarali urbanizatsiya va makonni rejalashtirishga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Bu O‘zbekistonda boshqaruvni samarali tashkil  qilish uchun muhimdir.

Kelgusi yillarda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi muhim hamkorlik sohalaridan biri xalqning ehtiyojlariga javob beruvchi infratuzilma – masalan, suv, transport, yo‘llar va boshqa imkoniyatlar o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash bo‘ladi. Biz  bu borada ham O‘zbekiston hukumati bilan  hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Chunki bu mamlakat rivojlanishida muhim sohalardan biri hisoblanadi.

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA

Powered by GSpeech