O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinipin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, inklyuziv va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, global va mintaqaviy siyosatning dolzarb muammolari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “BRIKS plyus” formatidagi uchrashuvlar global rivojlanishning dolzarb masalalarida keng muloqot va ochiq muhokamalar uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda dunyo jadal bo‘linib borayotganini, insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortayotganini afsus bilan qayd etdi.
– Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga va o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lish huquqiga hurmat kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro aloqalarning bunday modeli BMTning markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlar qo‘llab-quvvatlandi.
– Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi mas’uliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini bundan buyon ham faol chuqurlashtirish, ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish niyatida ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligini qo‘llab-quvvatladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan hamja innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Shuningdek, O‘zbekiston BRIKS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining qo‘shma loyihalarida ishtirok etish, YUNIDO huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilish niyatida.
Prezidentimiz O‘zbekiston BRIKSdagi sheriklari bilan birgalikda transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yo‘laklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borishga tayyorligini bildirdi.
Oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalarida ham hamkorlik qilish muhim ekani qayd etildi.
Tashkilot doirasida ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, davlatimiz rahbari barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston rahbari radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Yaqin Sharqdagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib borayotgani alohida tashvish bilan qayd etildi.
– Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ekani ta’kidlandi.
– Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda, – dedi Prezident.
Afg‘oniston muammosiga to‘xtalib, davlatimiz rahbari ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatish umumiy vazifa ekanini qayd etdi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 24.10.2024
- Ko'rishlar: 709
- Chop etish