Tibbiyotdagi korrupsion omillar qanday bartaraf etilmoqda? (+video)

Tibbiyot sohasidagi korrupsion omillarning oldini olish inson salomatligiga daxldor bo‘lgan muhim masaladir. Shu bois ham mamlakatimizda sohani raqamlashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da deputatlar “Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsion omillarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildi. Deputatlarning bu boradagi savollariga sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov javob berdi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi yashirin kelishuvlarning oldini olish, davlat va xususiy dorixonalarda “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik bilan birgalikda “UZINFOCOM” tomonidan tizimdagi jarayonlarni avtomatlashtirish va undagi axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish maqsadida Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) ishlab chiqilgan. Ushbu tizimda “Elektron retsept” moduli ishlab chiqilgan bo‘lib, bu modul dori vositalarining dozalari va shakllarini hisobga olgan holda retseptlarni elektron shaklda berish, ularning markirovkasini nazorat qilgan holda sotish, hisobot yuritish jarayonini avtomatlashtirish hamda bemorlar uchun mobil ilova orqali retseptlar harakatini kuzatib turish imkonini yaratadi. 

“Hukumat soati”da sog‘liqni saqlash sohasida axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, kadrlarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq korrupsion holatlarning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. 

Yagona tibbiyot axborot tizimining aholi uchun “DMED”, shifokorlar uchun esa “DMED Pro” mobil ilovalari ham yaratildi. DMED axborot tizimi 2 ming 571 ta birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalaridan 2 ming 475 tasiga o‘rnatildi. Hozirda zarur jihozlarni xarid qilish va o‘rnatish, tibbiyot xodimlarini tizimda ishlashga o‘qitish va ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish ishlari jadal olib borilmoqda. 

Xalq vakillari muhokamalar davomida aholi tomondan ko‘tarilgan qator savol va muammolarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, quyi bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilishda hamon korrupsion holatlar mavjudligi aytildi. 

Bu kabi illatlarning oldini olish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani, sohadagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida qayerdan ma’lumot olish mumkinligi bilan qiziqdi. 

Vazirning ta’kidlashicha, argos.uz portali va vazirlikning rasmiy veb sahifasi orqali bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar joylab boriladi. 

“Hukumat soati”da xalq vakillari davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shaffof tarzda yetkazish hamda bu boradagi korrupsion omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan ham qiziqdi va tegishli javoblar oldi. 

Shuningdek, soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflar berilib, samarali parlament nazoratini o‘rnatish lozimligi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech