Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi o'zining navbatdagi, 2019 yil uchun Yillik hisobotini taqdim etdi.
Ushbu hujjat BMT Oliy komissari va uning Boshqarmasi faoliyatining hisobot davridagi faoliyati yakunlariga doir ma'lumotlardan iborat. U Boshqarmaning bosh qarorgohi va joylardagi vakolatxonalari tomonidan amalga oshirilgan ko'plab yo'nalishlardagi keng hajmli ishlarni o'zida qamragan.
Joriy ma'ruza Mishel` Bachelet Oliy komissar sifatida ish boshlagan dastlabki to'liq yilning yakunlari bo'yicha tayyorlangan. Ma'lumki, avval ikki marotaba Chili prezidenti postini egallagan M.Bachelet 2018 yil sentyabrida mazkur lavozimga Zayd al-Husaynning (Iordaniya) o'rniga tayinlangan.
Hisobot asosan quyidagi masalalarga oid axborotlardan iborat:
BMTning tinchlikparvarlik amaliyotlariga inson huquqlarini integratsiya qilishga ko'maklashish;
Boshqarmaning turli hududlarda joylashgan 84 ta vakolatxonasi salohiyatini oshirish va texnik hamkorlik bo'yicha imkoniyatlarini kuchaytirish;
12 ta tinchlikparvar missiyaning huquq himoyasiga doir vakolatlari doirasida monitoring va muhofaza qilish bo'yicha ish olib borish hamda inson huquqlari bo'yicha asosiy shartnomalarning 37 tasini ratifikatsiya qilish va ularga qo'shilish uchun yordam ko'rsatish;
77 ta mamlakatda qiynoqlardan jabr ko'rgan qariyb 36 ming nafar shaxsning reabilitatsiya qilinishi va ko'mak olishini ta'minlash;
kamsitishlarning barcha shakllarini taqiqlashga qaratilgan 15 ta yangi milliy qonun qabul qilinishiga yordam berish.
Shuni ta'kidlash kerakki, hisobotda birinchi marotaba O'zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik borasida erishilgan o'sish natijalari haqida batafsil axborot havola etilmoqda. Mamlakatimizga taalluqli ushbu ma'lumotlarni Oliy komissar o'z ma'ruzasining muqaddimasidayoq qayd etgani diqqatga loyiqdir.
O'zbekiston bilan o'zaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha milliy indikatorlarni ushbu sohadagi xalqaro huquq talablariga to'liq mos holda ishlab chiqishga xizmat qilgan. Bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan ijobiy baholanganini alohida ta'kidlash lozim.
E'tirof etilishicha, bunday natija Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqa taraqqiyot rejalarini amalga oshirishda O'zbekistonga boshqa mamlakatlar qatori inson huquqlarini himoya qilish masalalarini hamda BMTning huquqni muhofaza qilish mexanizmlari tavsiyalarini hisobga olish imkonini beradi.
Hisobotda O'zbekistonning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishiga doir jarayonlar ilgari siljigani ham qayd etilgan. Xususan, mamlakatimiz BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasining Fakul`tativ bayonnomasiga qo'shilishi uchun ko'maklashish bo'yicha bir qator tadbirlar o'tkazilgan. Ana shu muhokamalarda fuqarolik jamiyatining vakillari ham faol ishtirok etgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil dekabrida qabul qilingan Qarorida inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish borasidagi faoliyatni kuchaytirish ko'zda tutilganiga e'tibor qaratilgan. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ana shu sohalardagi xalqaro tajriba va ilg'or amaliyotni o'rganishga doir bir qancha loyihalarni amalga oshirgani muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, BMTning ustav va shartnomaviy organlariga ma'ruzalar tayyorlash bo'yicha milliy mexanizmlar salohiyati sezilarli darajada mustahkamlangani ta'kidlangan. O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan o'zaro hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi o'zining asosiy dasturilamal hujjatini tayyorlagan va taqdim etgan sanoqli mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda BMTning huquqni himoya qiluvchi barcha tuzilmalari ushbu hujjatdan qo'llanma sifatida foydalanmoqda.
Tegishli davlat organlari, inson huquqlarini himoya qilish milliy muassasalari va fuqarolik jamiyati o'rtasida BMTning inson huquqlari bo'yicha qo'mitalari bildirgan yakuniy tavsiyalarni amalga oshirish va erishilgan natijalarni muntazam monitoring qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish ishlari takomillashtirilgan.
Ma'ruzada O'zbekiston akademik doiralari, aloqador vazirliklar va davlat muassasalari vakillarini o'qitish va kasbiy malakasini oshirish bo'yicha qilingan ishlar ham o'z aksini topgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi nashrlari va axborot materiallarini o'zbek tiliga tarjima qilish va chop etish borasida erishilgan natijalar qayd etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.06.2020
- Ko'rishlar: 4647
- Chop etish