O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari “yashil” energiya sohasida ishonchli va strategik hamkor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Abu-Dabi shahrida bo‘lib turibdi.

14 yanvar kuni davlatimiz rahbari "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammitining ochilishi hamda barqaror rivojlanish sohasida Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi.

Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi – bu 2008 yilda BAA hukumati va "Masdar" kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Forumning maqsadi jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga ko‘maklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, energiya tejamkorligi va karbonsizlantirishni ilgari surishdan iborat.

Bu galgi sammit kun tartibiga "yashil" iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritilgan.

Forum doirasida Amirliklar asoschisi – marhum Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofot bilan taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Bu galgi mukofotning "Global o‘rta maktablar" nominatsiyasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi g‘olib deb topildi.

Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.

Davlatimiz rahbari “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi.

Sammitda Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya Respublikasi Bosh vaziri Petteri Orpo hamda qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning kun tartibiga muvofiq, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.

– Shu bois 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti yurtimizda Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirilishini qayd etdi.

Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi bo‘yicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030 yilga kelib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan.

“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari ko‘rilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga e’tibor qaratdi.

– O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 gigavattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlatimiz rahbari.

Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

– Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish muhimligini qayd etdi.

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlar tashlandi. Yaqinda COP-29 sammiti doirasida Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

– Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

“Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya ob’ekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

Bu kabi loyihalar Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergiya ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy.

– Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi.

Mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy-tadqiqot tarmog‘ini yaratish taklif etildi.

Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari hamda boshqa xalqaro forumlarda O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish shular jumlasidan.

– Bu borada barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.

Shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari 15 may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

So‘zining yakunida mamlakatimiz yetakchisi Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Presight” kompaniyasi rahbari Tomas Pramotedam, “AIQ” kompaniyasi rahbari Magjan Kenesbay va “Khazna” kompaniyasi rahbari Hasan al-Naqbi, Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti prezidenti Erik Sing ham ishtirok etdi.

“Presight”, “AIQ” va “Khazna” kompaniyalari katta ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt sohasida yetakchi kompaniyalar qatoriga kiradi. Muhammad bin Zoid universiteti sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan dunyodagi birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Uchrashuvda Amirlik kompaniyalari bilan ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish va ularni turli sohalarga muvaffaqiyatli joriy etishga qaratilgan strategik sheriklikni kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Generativ sun’iy intellektni ishlab chiqish, shu jumladan, energetika sohasida "katta til modellari"ni qo‘llash, Toshkentda yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish borasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti bilan almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz talabalarni o‘qitish dasturini ishga tushirib, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishni taklif etdi.

Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini birgalikda ishga tushirish, texnologik klasterlar tashkil qilish va kontaktsiz to‘lov operatsiyalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish rejalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, "ADQ" xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “AD Ports Group” kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, “Tadweer” rahbari Ali al-Daheriy, “Plenary Group” rahbari Mustafo Faxur va “DUCAB” rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etdi.

Ushbu kompaniyalar o‘z sohalarida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, ularning jami aktivlari 200 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BAA bilan iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Investitsiyalarni ilgari surish, sanoat va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini o‘zlashtirish, mintaqaviy temir yo‘llarni rivojlantirish va "quruq" portlar barpo etish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish, ta’lim va tibbiyot sohalarida DXSH loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy, “TAQA” rahbari Jasim Husayn Tabet, “TAQA Water Solutions” rahbari Ahmad al-Shamsiy va “Etihad Water & Electricity” rahbari Yusuf al-Ali ham ishtirok etdi.

Mazkur kompaniyalar energiya va suv ta’minoti, tozalash tizimlarini boshqarish sohasida jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchi va operatorlar hisoblanadi.

Mamlakatimizda "yashil" energetika, kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi strategik sheriklik ikki tomonlama hamkorlikning lokomotivi bo‘lib xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bu borada umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 5 ta loyiha birgalikda ishga tushirildi. Dekabr oyida Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi, yana bir qator ob’ektlar qurilishi faol bosqichga kirgan.

O‘zbekiston Prezidenti kompaniyalarning mamlakatimiz hududlarida mavjud issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarini kengaytirish, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi GESlar, elektr energiyasini saqlash tizimlari, yirik quyosh va shamol stansiyalari qurilishini jadallashtirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida suv ta’minoti tarmoqlarini rivojlantirish va yangi tozalash inshootlarini barpo etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “AMEA Power” kompaniyasi rahbari Husayn al-Novays, “M42” kompaniyasi rahbari Hasan Jasim al-Novays va “IFFCO Group” kompaniyasi rahbari Sheroz Allanni qabul qildi.

“AMEA Power” – qayta tiklanuvchi energiya sohasida tez sur’atda rivojlanayotgan kompaniya. 20 mamlakatda umumiy quvvati 6 gigavattdan ortiq bo‘lgan loyihalar portfeliga ega. “M42” innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. “IFFCO Group” oziq-ovqat sohasida 100 dan ortiq brendlarni boshqaradi.

Energetika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda BAA kompaniyalari bilan innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

"AMEA Power" kompaniyasi bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini qurish, neft-kimyo sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, “M42” kompaniyasi bilan genomika sohasida, "IFFCO Group" bilan esa oziq-ovqat sanoati va maishiy kimyo uchun ingrediyentlar ishlab chiqarishda o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

O‘zA

Powered by GSpeech