O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15 aprel kuni Andijon viloyatiga keldi.
Hududdagi o‘zgarishlar “havo darvozasi”danoq ko‘zga tashlanadi. Mamlakatimizda transport tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida Andijon xalqaro aeroporti ham modernizasiya qilinmoqda.
Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu haqda axborot berildi.
Bu aeroport 1978 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.
Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.
Endi, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Umuman, mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillarda Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Mo‘ynoq, Qo‘qon va Zomin aeroportlari yangilandi. Yana bir qator viloyatlarda modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning fevral oyida Andijonga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2023 yilga nisbatan sezilarli darajada o‘sdi. Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 26,4 million so‘mni tashkil qildi.
Prezident tashrifining ikkinchi manzili “WBM Romitex” klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasi bo‘ldi.
“WBM Fabrics” nomli ushbu korxona qayta ishlash zanjirining navbatdagi bosqichi. Umumiy qiymati 50 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy sanoat inshooti qurilib, Italiya va Germaniyadan yuqori texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Matoni bo‘yash va gul solish yo‘lga qo‘yildi. Korxona yiliga 24 ming tonna shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Loyiha doirasida 600 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Yana bir e’tiborli tomoni, majmuada Italiyadan keltirilgan zamonaviy suv tozalash inshooti barpo etilgan. Unda bo‘yoq sexidan chiqqan texnik suv tozalanib, qayta foydalanishga yo‘naltiriladi. Bu tejamkorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish, energiya tejamkorlik orqali tannarxni kamaytirish, ishchilarning kasbiy malakasini oshirish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Qayd etish joiz, korxona faoliyati tashqi bozorga ixtisoslashgan, yillik eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etadi.
Andijon viloyatida to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Hududda yetishtirilgan paxtani zamonaviy klaster tizimida chuqur qayta ishlash kengayib borayotir. Viloyatning respublika to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 16,5 foiz. 2024 yilda Andijonda 20 trillion so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, 488 million dollarlik eksport qilingan. Bu viloyat umumiy eksportining 42 foizini tashkil etadi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 2024 yil davomida investitsiya loyihalari doirasida uch yuz saksonta loyiha amalga oshirildi. Bunda to‘qimachilik, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari salmoqli o‘rin egalladi. Mazkur loyihalarni ishga tushirish hisobiga o‘ttiz ikki mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025 yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
Umuman, 2025 yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Andijon viloyatining hududiy sanoat yarmarkasini borib ko‘rdi.
Bu yerda 110 ta korxonaning 500 ga yaqin mahsuloti namoyishga qo‘yilgan. Jumladan, avtomobilsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, raqamli texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, gulchilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlardagi samarali loyihalar taqdim etilgan.
Davlatimiz rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yaxshi tajribalarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimiz miqyosida ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda yarmarkaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkentdan mas’ullar va tadbirkorlar taklif etilgan. Ular mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish, kooperatsiya va savdo-sotiq masalalarida fikr almashmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 11 mingdan ziyod sanoat korxonasi bor. Ularning respublika sanoatidagi ulushi 10 foizdan yuqori.
Xususan, hududda 47 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda 2,3 trillion so‘mlik 1000 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 18 ming kishi ish bilan ta’minlangan. Mazkur zonalarda 2024 yilda 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 31 million dollarlik eksport qilingan.
Hozirda qiymati 1 milliard dollarlik 288 ta investitsiya loyihasi amalga oshirish jarayonida.
Jumladan, bu yil 119 ta loyiha ishga tushirilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Sanoat mahsulotlari eksporti 47 million dollarga yetkaziladi.
O‘tgan yilgi tashrifdan so‘ng, Oltinko‘l tumanidan 16 gektar yer ajratilib, mebellarni klaster usulida ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilgan edi. Bu yerda 100 dan ortiq ustaxona, 236 ta shourum va savdo nuqtalari joylashgan.
Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hudud. O‘zbekistonning 10 foiz aholisi 1 foiz yerida yashaydi. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda Prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.
Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi.
Tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.
19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi.
Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy ma’noga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.
Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi.
Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi xalq saylida ishtirok etdi.
Andijonlik yoshlar bilan muloqotda ularga yuksak ishonch bildirildi.
– Davlatimizning eng ustuvor maqsadlaridan biri – yoshlar siyosati. Ta’lim-tarbiya, mahalla, bandlik, sport tizimlarida qilayotgan ishlarimiz farzandlarimizning manfaatlari uchun. Bizning yoshlarimiz qobiliyatli, iste’dodli. Bu iste’dod qachon yuzaga chiqadi? Mehnat bo‘lsa. Bilim olib, intilgan odam hech qachon kambag‘al bo‘lmaydi, ishini topadi. Siz ham o‘qib, izlanib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallang. Baxtli bo‘lish uchun bugun zamin yaratishingiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Andijonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan ham uchrashdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik eng qadrli ne’mat ekani ta’kidlandi.
Bog‘dagi amfiteatrda konsert dasturi namoyish etildi. Davlatimiz rahbari tadbirda nutq so‘zlab, viloyat ahliga yuksak hurmatini bildirdi.
– Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Bugun Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta, barchamiz cheksiz quvonamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.
– Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda. Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi, – dedi Prezident.
Andijon yurtimizning tarixiy shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bugungi kunda viloyatda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday imkoniyatlarni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida Yangi Andijon shahri qurilmoqda. Qisqa vaqt ichida bu yerda so‘lim “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham barpo etildi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga tashakkur aytdi.
Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan diyor ekani bilan ham mashhur. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish tashabbusni ilgari surdi. Buni andijonliklar xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatladi.
Bobur Mirzo temuriylar tamaddunining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir. U betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan. Uning sharafiga alohida shahar bunyod etilsa arziydi. Bu Bobur Mirzoning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqea bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Shaharda ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport majmuasi ham quriladi.
Bobur shahri milliy qadriyatlarimizni mujassam etadigan ma’naviy maskanga, yoshlar uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, yurtimizning yana bir turizm va madaniyat markaziga, zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan “aqlli shahar”ga aylantiriladi.
Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi. Hududdagi bog‘ning eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Boburning yangi, muhtasham haykali o‘rnatiladi.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun dastur qabul qilinib, 250 million dollar yo‘naltiriladi.
– Barchamiz bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qayerida, qaysi o‘lkasida bo‘lmasin, bir umr Vatan sog‘inchi bilan yashagan. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz. Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini ham samimiy tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV, Ikrom AVVALBOEV,
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 220
- Chop etish