Poytaxtimizda shu yil 4 noyabr kuni "Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi – fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish bilan bog'liq konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish vositasi sifatida" degan mavzuda davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatidan ko'zlangan maqsad – qonun loyihalari va boshqa huquqiy hujjatlarni yuridik shaxslar, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda jamiyat manfaatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazish, jamoat nazoratining bunday shaklini amalga oshirishning qonuniy va institutsional asoslari bilan tanishishdan iborat. Bunda, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlar muhokama qilish va davlat ekspertizasini amalga oshirishda davlat organlari bilan samarali jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish bilan bog'liq muammolarni o'rganishga e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Hans-Ulrix Im tadbirni ochdi.
Oliy Majlis palatalari, vazirlik va idoralar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan muloqotda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, o'z navbatida, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki darajasini oshirishni talab qilishi ta'kidlandi. Qonun loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi bu boradagi jamoatchilik ta'siri shakllaridan biridir.
Xususan, ushbu jamoatchilik nazorati shakli davlat organlarining normativ-huquqiy faoliyati samaradorligini oshirish va fuqarolarga o'z huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishlari uchun maqbul sharoitlarni yaratishga qaratilgan qonunlarni qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llagan birinchi Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, “xalq qonunning yagona manbai va muallifi bo'lishi kerak”. Bundan buyon har bir qonun loyihasi bo'yicha fikr va takliflar to'g'ridan-to'g'ri fuqarolar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridan keladi.
Qonunlarni qabul qilish jarayonida aholi tomonidan qonun loyihalarini keng muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish lozim. Bunday munozaralarni o'tkazish uchun Oliy Majlis rahbariyati Internetda maxsus "platformalar" yaratishi taqozo etiladi.
Qonun loyihalari jamoatchilik ekspertizasi institutining konstitutsiyaviy mohiyati, uning yuqori demokratik salohiyati fuqaroning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi bilan bog'liqdir. Bularning barchasi milliy qonunchilik tizimida qonun loyihalarini jamoatchilik ekspertizasini o'tkazish tartibi tushunchasi, turlari va xususiyatlarini ko'rib chiqishda, tahlil qilishda doimiy qiziqishni ta'minlaydi.
Jamoatchilik ekspertizasining asosiy maqsadi, birinchi navbatda, qonun loyihalarini qabul qilishda fuqarolarning manfaatlarini hisobga olish va himoya qilishdir. Jamoatchilik ekspertizasining muhim ahamiyati shundaki, u aholi va hokimiyatning samarali o'zaro hamkorligini ta'minlaydi.
Bunda, shuningdek, qonun loyihalarining sifati, samaradorligi, qonun hujjatlariga mosligi, qabul qilishning maqsadga muvofiqligi va oqibatlari chuqur tahlil qilinadi.
Jamoatchilik ekspertizasini o'tkazish aholining respublika darajasidagi va mintaqaviy miqyosdagi qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etishiga yordam beradi. Bu, o'z navbatida, jamoatchilik nazorati va qonun chiqarish jarayoni samaradorligini oshiradi.
Bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bo'yicha jamoatchilik ekspertizasini o'tkazishda faol ishtirok etishiga muayyan sabablar to'sqinlik qilayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Xususan, hozirgi vaqtgacha jamoatchilik nazoratining ushbu shaklini amalga oshirishning huquqiy mexanizmi tizimli tartibga solinmagan.
Davra suhbati doirasida "Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasi to'g'risida"gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu loyiha bo'yicha bir qator amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Ma'lumot uchun: "Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasi to'g'risida"gi qonun loyihasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha 35 ta davlat organi va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan atroflicha o'rganilgan.
Qonun loyihasi tavsiya etilgan taklif-mulohazalar bilan takomillashtirilib, tom ma'noda jamiyat manfaatlariga javob beradigan hujjat holatiga keltirladi. So'ngra loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasiga ma'qullash uchun taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.11.2019
- Ko'rishlar: 5681
- Chop etish