Polshaning Varshava shahrida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamkorligida insoniylik mezonlariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Unda YeXHTning inson xavfsizligi o‘lchovi doirasida qabul qilingan barcha majburiyatlarning bajarilishi holati bo‘yicha muloqotlar o‘tkazilayotir.
Inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar ekspertlari, xorijiy davlatlar Ombudsmanlari, milliy institut va fuqarolik jamiyati vakillari qamrab olingan konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.
Varshava konferensiyasida F.Eshmatova ma’ruza qilib, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar, erishilayotgan natijalar, O‘zbekiston qiynoqqa qarshi o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega ekani va bu Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganiga urg‘u berdi.
Shuningdek, davlat rahbarining qaroriga binoan tuzilgan jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda penitensiar muassasalarga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Varshava konferensiyasi 11 oktyabrga qadar davom etadi.
***
Ombudsman Feruza Eshmatova Polsha Respublikasiga tashrifi davomida ushbu mamlakatda yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Polshada ishlayotgan, o‘qiyotgan yoshlar, shu yerda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkor hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi elchixonasida tashkil etilgan uchrashuvda dastlab, hamyurtlarimizning Polshadagi faoliyati to‘g‘risidagi fikrlari eshitildi.
Davra suhbatida ishtirokchilar huquqiy masalalar, jumladan, ta’lim va tadbirkorlik, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga oid savollar berdi. Ayrim fuqarolar O‘zbekistondagi yaqinlarining muammosi hal qilinishi bo‘yicha murojaat qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida Ombudsman xorijiy davlatlarda bilim olayotgan yoshlarning Vatanga qaytib, o‘z bilim va tajribalari bilan mamlakat rivojiga hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 08.10.2024
- Ko'rishlar: 988
- Chop etish