Xalqaro huquq va Harakatlar strategiyasi: so'z erkinligi himoyasida

(Ikkinchi maqola)

 

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga

So'z erkinligi – avvalambor, har bir fuqaroning shaxsiy huquqi, axborot erkinligi – bu har bir insonning tabiiy huquqidir.

Akademik Akmal Saidov qayd etganidek, "Hozirgi kunda inson huquqlari global huquqqa aylandi. Biz matbuot erkinligini 3 darajada ko'rishimiz kerak: davlat darajasida (milliy); har bir mintaqa darajasida; global darajada (universal)".

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so'ng qo'shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo'lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan asosiy tamoyillar O'zbekiston Konstitutsiyasida o'zining to'la ifodasini topgan.

Deklaratsiyaning 19-moddasida qayd etilgan fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi hamda har kimning o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga egaligi shular jumlasiga kiradi.

Konstitutsiyamizdagi “Omaviy axborot vositalari” nomli bob bitta moddadan iborat. Ushbu 67-moddada quyidagi normalar o'z aksini topgan: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to'g'riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi”.

O'zbekistonda jurnalistlik faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari avvalo xuddi shu konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlangan. Shu asosda o'tgan davrda Konstitutsiyamizdagi tegishli moddalar hamda sohaga taalluqli bir qator qonun hujjatlari majmuidan iborat ommaviy axborot vositalari erkinligini ta'minlashga qaratilgan huquqiy asos vujudga keldi.

Keyingi davrda bu borada o'ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi.

Ayniqsa, 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida» hamda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgani katta ahamiyatga ega bo'ldi.

Bu yangilanishlar birinchi navbatda xalqaro-huquqiy hujjatlar, xorij tajribasi hamda milliy amaliyotdan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini yanada keng kafolatlaydi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ni shiddatli va izchil amalga oshirishning to'rtinchi yili ham yakuniga yetmoqda.

Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko'tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so'z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda ommaviy axborot vositalari zimmasidagi mas'uliyat yanada kuchaymoqda.

Eng muhimi, o'tgan qisqa davr axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirish borasida ulkan yangilanishlar davri bo'ldi.

Davlat rahbari ilgari surgan «Inson manfaati hamma narsadan ustun» g'oyasining mazmun-mohiyati va Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar talabidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirilgani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech