So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy, shu bilan birga, hududlararo hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 29 mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuy va 2024 yilning 28 mart kuni Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qilgan edi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning Xitoy bilan savdosining qariyb 10 foizi SHUAR hissasiga to‘g‘ri kelishi, ushbu hudud yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalari portfeli 3,5 mlrd. dollarni tashkil etishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev SHUAR bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Shinjon mevalari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan uzum, qovun, nok, paxta, bug‘doy, ipak, yong‘oq va boshqa sabzavot-mevalari bilan mashhur. Shinjonda Xitoyning 90 foiz va dunyoning 20 foiz paxta hosili yetishtiriladi. Paxtaning 80 foizdan ortig‘i mashinalar tomonidan yig‘ib olinadi. 2022 yilda Shinjonda paxta ekin maydoni qariyb 2,5 million gektarni tashkil etdi, mintaqada 6,3 mingdan ortiq paxta yig‘im-terim uskunalari mavjud. 2022 yilda Shinjonda 5,39 million tonnadan ortiq paxta yig‘ib olindi (mamlakatdagi umumiy paxta ishlab chiqarishning 90,2 foizi).
Mintaqaning eng yirik tashqi savdo sheriklari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bo‘lib, Tojikiston, Afg‘oniston, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Vetnam, Indoneziya va Tailandning ulushi o‘sib bormoqda. Shinjon elektromexanik mahsulotlar, batareyalar, quyosh panellari, elektr transport vositalari, matolar, kiyim-kechak va poyabzallarni va asosan xom ashyo (paxta, jun, tabiiy gaz, yog‘och), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarini (shu jumladan go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, yangi va quritilgan mevalar, qovun, yong‘oq, don va dukkaklilar) eksport qiladi. Mintaqaning Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan savdo hajmi 75,1 foizga o‘sib, 119,66 milliard yuanga yetdi.
«Yuz marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan yaxshi» degan gap bor. Xitoy Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga Press-tur tashkil qildi. Safarimiz 14 iyul kuni mintaqa ma’muriy markazi Urumchi shahridan boshlandi.
Urumchi aeroportida yo‘lovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar e’tiborimizni tortdi. Aeroport zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, inson omili deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Aeroport hududining tozaligi bilan dunyoning boshqa shaharlaridagi aeroportlardan ajralib turadi. Aeroportdan Urumchi shahrining markazi tomon borar ekanmiz, ko‘zimiz jadallik bilan olib borilayotgan qurilishlarga tushdi. Obodonchilikka katta e’tibor qaratilmoqda.
Shinjon nafaqat me’moriy yodgorliklari va qadimiy shaharlari, balki o‘ziga xos madaniyati bilan ham ajralib turadi. Uyg‘urlar asrlar davomida o‘z madaniyatini o‘zgarishsiz saqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi kunda Shinjon Xitoyning eng muhim sayyohlik markazlaridan biridir. Noyob me’moriy yodgorliklarni ko‘rish uchun bu yerga butun dunyodan sayyohlar keladi. Bundan tashqari, Shinjondagi eng qiziqarli sayohatlardan biri Taklamakan cho‘li orqali karvon yo‘llari bo‘ylab sayohat hisoblanadi, bu sizga bir muncha vaqt o‘rta asrlar Sharq atmosferasiga sho‘ng‘ish imkonini beradi. Zamonaviy Shinjon butun dunyodan kelgan sayyohlar uchun Xitoyning eng mashhur dam olish maskanlaridan biridir. Odamlar bu yerga nafaqat ushbu mintaqaning ajoyib madaniyati bilan tanishish, balki Buyuk Ipak yo‘lidagi shaharlar bo‘ylab unutilmas sayohat qilish uchun ham keladi.
Shahar markazida qad rostlagan «Kunlun Hotel» mehmonxonasiga joylashib biroz hordiq chiqarganimizdan so‘ng, dasturda belgilangan ilk manzilga yo‘l oldik. Ochiq aytish kerak, dastur o‘ta mukammal ishlab chiqilgani bois har bir daqiqa hisobga olingan bo‘lib o‘zbek jurnalistlari shahar tarixi, madaniyati, iqtisodiy yutuqlari bilan tanishish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari kerakligi ko‘zda tutilgan edi. Bizlarni avvaliga Shahar rejalashtirish Muzeyiga olib borishdi. Xitoy hukumati SHUARning ijtimoiy-iqtisodiy sohasiga katta investitsiya kiritganiga guvoh bo‘ldik. Ayni damda zamonaviy me’morchilik va infratuzilmaga ega Urumchi yirik megapolisga aylanibdi. Osmono‘par binolar, yirik korxonalar, go‘zal mehmonxonalar va shaharning go‘zal tabiati sayyohlarni o‘ziga rom qiladi.
Shahar rejalashtirish Muzeyida mintaqaning taraqqiyot tarixi va bosqichlari bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni oldik. Gul shaklida qurilgan Muzey majmuasining o‘zi oltita korpusdan iborat bo‘lib, ularda Shahar rejalashtirish muzeyi, Badiiy teatr, Amaliy san’at ko‘rgazmasi, Musiqa markazi va boshqa muassasalar joylashgan. Muzey ekspozitsiyasi shunday joylashtirilganki, tashrif buyuruvchilar avvaliga qadimiy davrlar bilan oshno tutinib, so‘ng zamonaviy voqelik bilan tanishadi. Ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘li tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlarni olish mumkin. Xitoydagi har bir muzeyda bo‘lgani kabi Urumchi Shahar rejalashtirish muzeyida ham mumdan yasalgan figuralar odamni o‘ziga jalb qiladi. Bu yerdagi aylanuvchi kreslo va maxsus effektlar bilan jihozlangan 5G kinoteatrda siz tarix ichiga tushib qolasiz. Muzey filmotekasida so‘ngi o‘n yilliklarda megapolisda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari aks etgan filmlar bilan tanishish mumkin. Urumchidagi bu muzeyga tashrif buyurib shaharsozlik va shaharshunoslikka ilmiy yondashish mumkinligini o‘rganish mumkin. Shinjonning ma’muriy markazi shunchaki bo‘yiga o‘sib, yoniga kengayib borayotgan shahar emas. So‘nggi o‘ttiz yil ichida shahar nafaqat o‘z hududini kengaytirdi, balki baland qavatli binolar tufayli yuqoriga ham ko‘tarildi. Urumchida ko‘plab megapolislarda kuzatiladigan transport tirbandliklari, jamoat transportidagi muammolar tufayli bekatlarda yo‘lovchilarning ko‘pligi deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Shuningdek, shaharda suv va elektr ta’minotida muammolar yo‘qligi aytiladi. Shaharning rivojlanishiga ilmiy yondashilgan – hammasi aniq rejalashtirilgan.
O‘zbekistonlik jurnalistlar shuningdek, terrorizm va radikallashuvga qarshi kurashga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga ham bordi. Shinjon universiteti qoshidagi «Shinjon masalalarini o‘rganish» institutida mutaxassislar bilan qiziqarli suhbat tashkillashtirildi.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
- Qo'shildi: 15.07.2024
- Ko'rishlar: 1176
- Chop etish