Poytaxtimizda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2024 yil 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, hisobot davrida Germaniya, Turkiya, Bolgariya, Belarus, Rossiya, Latviya, Serbiya, Slovakiya, Saudiya Arabistoni, Litva, Xorvatiya, Vengriya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlar ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha 48 shartnoma imzolanishiga erishildi. Shu tariqa kelishuvlar soni 309 taga yetdi.
E’tirof etish kerak, yurtimizda “Xorijga ish – mahalladan” tamoyiliga ko‘ra, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni aniqlash va ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratilgan. Natijada mahallalardagi hokim yordamchilari ko‘magida 63 678 fuqaro tashkiliy va manzilli tartibda xorijiy davlatga ishga jo‘natildi.
So‘nggi yillarda xorijga ishga ketishdan oldin fuqarolarga chet tilini o‘rgatish va ularni kasbga tayyorlash jarayoni alohida nazoratga olingan. Bu borada Shveysariyaning “Globogate”, Germaniyaning “Nova Agency”, “Technoconsult” “CBZ Munchen” markazlari bilan hamkorlikda nemis tilini o‘qitish, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” kompaniyasi, “Aoikai Yaponiya”, “Yume” tashkilotlari tomonidan yapon tili, madaniyati va mehmonxona xizmati, Janubiy Koreyaning “Qirol Sejong” tuzilmasi ishtirokida koreys tili va madaniyati kurslari tashkil etildi. Ushbu guruhlarga jami 5 191 fuqaro jalb qilindi.
Brifingda xorijdagi hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida ham batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, agentlikning chet eldagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimizga ish beruvchilardan 376,6 ming dollarga yaqin ish haqi undirib berildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 10 dan ziyod davlatda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yuk avtomobili haydovchisi, payvandchi, elektr ustasi, IT mutaxassisi bo‘yicha 154 ming bo‘sh ish joyi aniqlangan. Ushbu o‘rinlarni egallash uchun xorijiy tilni biladigan, malakaga ega nomzodlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mahalladagi hokim yordamchisi orqali murojaat qilishi mumkin.
Brifing yakunida xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizga turli norasmiy e’lonlar yoki vositachi shaxslarga ishonmaslik, firibgarlik holatiga duch kelgan taqdirda zudlik bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki huquq-tartibot idorasiga ma’lum qilish lozimligi yana bir bor eslatildi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2024
- Ko'rishlar: 1250
- Chop etish