YANGI HAYOT, BEQIYOS O'ZGARISHLAR Bizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yanada katta safarbarlikni talab etmoqda

"Bugun biz sizlar bilan birgalikda yangi O'zbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi hayot, beqiyos o'zgarishlar hammamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yanada katta safarbarlikni talab etmoqda. Bu jarayonda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jahon hamjamiyati, avvalo, qo'shni davlatlar bilan do'stlik va hamkorlikni kuchaytirishni biz eng muhim vazifamiz deb bilamiz".

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev buyuk G'alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shu fikrlarni alohida ta'kidladi. Bu davlatimiz rahbarining har birimizga, butun xalqimizga qaratilgan chaqirig'idir.

Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, 9 may kuni mamlakatimizda keng nishonlangan Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi taassurotlariga to'xtalish lozim. Chunki bu galgi bayramning oldingi yillardagidan farqli va o'ziga xos bir qator xususiyatlari alohida ahamiyatga ega.

Avvalambor, bayram tadbirlari birinchi marotaba azim poytaxtimizning Xotira maydonida emas, balki Buyuk G'alabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan yangi muazzam maskan – G'alaba bog'ida bo'lib o'tdi. Millat Sardori ta'biri bilan aytganda, "bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi".

Mamlakatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil muqaddam Toshkent shahrida muhtasham G'alaba bog'ini barpo etish tashabbusini ilgari surgandi. Qisqa muddatda 12 gektarlik ulkan maydonda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida O'zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam. Bunday ulug'vor maqsadni ro'yobga chiqarish uchun Prezidentimiz G'alaba bog'ining tashabbuskori, muallifi va bosh bunyodkori bo'lib maydonga chiqdi.

Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi tantanalari misolida mash'um urush zamonidan qanchalik uzoqlashsak, uning mohiyatini anglash jarayonlari shunchalik chuqurlashib borishiga amin bo'ldik. Yangi O'zbekistonda tarixiy adolatni tom ma'noda qaror toptirishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning jasorati va matonati alohida e'tirofga sazovor.

Binobarin, insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg'in – Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixining uzviy qismi hisoblanadi. Shunday ekan, tarixga aylangan o'sha kunlarni unutishga aslo haqqimiz yo'q. Xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a'zosi sifatida O'zbekiston davlati, o'zbek xalqi fashizmga qarshi kurashgan jasur farzandlarining buyuk qahramonliklarini hamisha yodda saqlaydi.

Bayram arafasida nafaqat ulug'vor bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, balki O'zbekiston xalqining G'alabaga qo'shgan hissasini yanada chuqurroq o'rganish borasida ham muhim natijalar qo'lga kiritildi. Prezidentimizning ko'rsatmalari asosida bu borada oz fursatda katta ilmiy tadqiqotlar qilindi.

Ilgari yopiq bo'lgan tarixiy hujjatlargacha batafsil o'rganib chiqildi. Chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar, olimlar bilan hamkorlik natijasida qahramon ajdodlarimiz haqida yangi ma'lumotlar qo'lga kiritildi.

Birgina misol: shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O'zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma'lumotlarga ko'ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o'z tasdig'ini topdi.

Yurtdoshlarimizning front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonati chuqur o'rganildi. Binobarin, o'shanda yurtimizda qolgan ayollar, keksalar, yosh bolalar ham chinakam qahramonlik ko'rsatganlar. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan barcha odam halovatdan voz kechib, tinimsiz mehnat qilgan. Respublikamizdan jang maydonlariga samolyot va tanklar, qurol-yarog', ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib turilgan.

Yangi aniqlangan ma'lumotlarga ko'ra, o'sha olovli yillarda minglab urush qatnashchilari O'zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Urush o'chog'iga aylangan o'lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga o'z uyidan joy berib, so'nggi burda nonini ham baham ko'rgan.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, G'alaba bog'idagi amfiteatrda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan bayram tadbiri videokonferentsaloqa shaklida o'tkazildi. Rasmiy marosimda onlayn tarzda ishtirok etish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar jam bo'ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 75 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi. Tadbir Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, harbiy okruglardagi bayram ishtirokchilariga namoyish qilindi. Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, Andijon, Buxoro, Sirdaryo va boshqa viloyatlar hokimlari bilan videoaloqa tizimi orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan salomlashib, hol-ahvol so'radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, elimizga farovonlik tilab duolar qildi.

Karantin tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bu yilgi bayramni o'z uylarida nishonladi. Ular televidenie orqali tantanalarni to'g'ridan-to'g'ri kuzatib bordi. Boshqacha aytganda, koronavirus balosi xalqimizning ahilligi, birligi va hamjihatligiga shu borada ham pand bera olmadi. Bayram tantanalari onlayn maqomida yanada keng ko'lam va ulkan miqyos kasb etdi.

Shunday kezlarda butun dunyo uchun og'ir kelgan 2020 yilda xalqimiz ham favqulodda og'ir, tashvishli va sinovli kunlar girdobida qolgani beixtiyor xayoldan o'taveradi.

Zotan, butun dunyo xalqlari boshiga yog'ilgan koronavirusdek ko'rinmas balo ta'siridan O'zbekiston ham chetda qolmadi. Bugungi kunda insoniyat duch kelgan pandemiya, Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "o'zining ko'lami va miqyosiga ko'ra, mislsiz global inqirozga, butun bashariyat taqdiri va jahon iqtisodiyoti uchun g'oyat jiddiy sinovga aylandi”.

Davlatimiz rahbarining sa'y-harakati bilan bu borada shoshilinch va muhim chora-tadbirlar ko'rildi. Karantin tartibi joriy etilib, fuqarolarimiz salomatligi va xavfsizligini ta'minlash maqsadida xorijdagi yurtdoshlarimiz birin-ketin Vatanga qaytarila boshlandi. Koronavirus xastaligiga chalingan hamda kasallikda gumon qilingan fuqarolarimizni davolash, karantinda saqlashdek umumxalq harakati keng quloch yoydi.

Bu haqda so'z borganda, joriy yilning 7 may kuni  o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatimizda koronavirus bilan bog'liq vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga o'zgarib borishi bilan, hududlarni toifaga ajratishni tuman va shaharlar darajasida belgilash ta'kidlanganiga e'tibor qaratish lozim bo'ladi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig'ilishi bayoniga muvofiq, Respublikada koronavirus infektsiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish, ya'ni sog'ayish dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda, respublika hududlari joriy yilning 11 mayidan e'tiboran tuman va shaharlar darajasida toifalarga ajratildi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, chet davlatlarning nufuzli va xalqaro miqyosda tan olingan shifokorlari, olimlari, ekspertlari va mutaxassislari O'zbekistonda koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan tizimli va kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholamoqda.

Ushbu chora-tadbirlar o'tgan davr mobaynida Prezidentning 10 dan ziyod farmon va qarorlarida, O'zbekiston xalqiga uchta murojaatida, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashish, aholining ijtimoiy hamda tibbiy himoyasini mustahkamlash va boshqa masalalarga bag'ishlangan 20 dan ortiq uchrashuv, videoselektor yig'ilishlarida belgilab berildi. Ular bo'yicha 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Eng asosiysi, ushbu chora-tadbirlarning barchasi ushbu og'ir hamda mas'uliyatli davrda hech kim, hech bir oila davlat va jamiyatning e'tibori, g'amxo'rligidan chetda qolmasligi, oddiy odamlar farovonligi ta'minlanishi kerak, degan g'oyaga asoslanadi.

Birinchidan, butun mamlakat bo'ylab  qat'iy karantin tizimi joriy etildi. Qisqa muddat ichida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Qonunchilikdagi bu o'zgarishlar sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, karantin va odamlar uchun xavfli bo'lgan boshqa infektsiyalarning tarqalishi to'g'risida noto'g'ri ma'lumot tarqatishga qarshi qaratilgan.

Ikkinchidan, koronavirusga qarshi samarali kurashish uchun respublikaning barcha hududlarida ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari va karantin zonalari tashkil etildi.

Uchinchidan, ta'lim tizimining uzluksizligini ta'minlash uchun barcha o'rta, o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalari o'z faoliyatini masofadan turib Internet orqali amalga oshirmoqda.

To'rtinchidan, aholi uzluksiz ravishda oziq-ovqat, dori-darmon va zarur tibbiy buyumlar, boshqa hayotiy zarur tovarlar bilan ta'minlanmoqda. Nogironlarga, kam ta'minlangan va aholining himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul manzilli yordam ko'rsatadigan tizim shakllantirildi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

Beshinchidan, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun aniq mexanizmlar (xususan, Inqirozga qarshi jamg'arma) shakllantirildi. Tadbirkorlarga bank kreditlari bo'yicha foizlarni "muzlatish" imkoniyati va soliq ta'tillari berildi. Import qilinadigan tovarlarga soliq stavkalari va bojxona to'lovlari sezilarli
darajada pasaytirildi.

Umuman olganda, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar O'zbekistonda inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini ta'kidlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish, respublika fuqarolarining munosib hayotini ta'minlash, infektsiya tarqalishini nazorat qilish, eng muhimi, minglab fuqarolar hayotini saqlab qolish, inqirozdan keyingi tiklanish va mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishiga yordam beradi.

Shubhasiz, O'zbekiston tajribasi pandemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar uchun yorqin namuna vazifasini o'taydi.

Mamlakatimizda koronavirus infektsiyasining tarqalishiga qarshi samarali kurashishning siri nimada?

Fikrimizcha, buning zamirida:

birinchidan, Prezidentimizning iqtisodiyot,  biznes,  sog'liqni saqlash,  xavfsizlik hamda hayot uchun zarur boshqa muhim sohalarda o'z vaqtida qabul qilgan barcha chora-tadbirlari;

ikkinchidan, Hukumatning tezkor va ta'sirchan munosabati;

uchinchidan, milliy hamjihatligimiz, xalqimizning ahilligi, pokizakorligi va intizomparvarligi mujassamdir.

Buni qarangki, tashvish ham, quvonch ham qo'sha-qo'sha deganlari to'g'ri ekan. Joriy yilniing 27 aprelida yurtimizga Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga jiddiy talafot yetkazdi. Shamol oqibatida, ayniqsa, Buxoroda bir necha fuqaro jarohatlandi, bir kishi halok bo'ldi, ko'plab uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma ob'ektlari va ekin maydonlariga zarar yetdi.

Prezidentimiz o'sha kuniyoq fojia yuz bergan hududdagi holat bilan yaqindan tanishib, zarur chora-tadbirlar ko'rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Tabiiy ofatdan jabr ko'rgan fuqarolar bilan yuzma-yuz ko'rishib, hol-ahvol so'rab, odamlarning ruhiyatini ko'tardi.

Shu yil 1 may kuni esa Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv omboridan suv chiqishi natijasida Sardoba tumanidagi qator qishloqlar suv toshqinida qoldi. Prezidentimiz darhol favqulodda vaziyat yuz bergan Sirdaryo viloyatiga yetib bordi. Suv toshqini natijasida zarar ko'rgan mahallalarni ko'zdan kechirdi, odamlar bilan dildan suhbatlashdi. Bir necha kun o'sha hududda qolib, talafotlarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berdi.

Ana shu uchta hodisa  – koronavirus, kuchli shamol va suv toshqini barcha yurtdoshlarimizni jiddiy tashvishga soldi, albatta. Ayni chog'da, hammamizdan ham ko'proq Prezidentimiz qayg'urgani ham bor gap.

Pandemiya, tabiiy ofat va favqulodda hodisaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishda Millat Sardori 34 million nufuslik ulug' xalqimiz va bebaho Vatanning ertangi taqdiri uchun mas'ullikni chuqur his etgan holda yondashdi. Ta'bir joiz bo'lsa, bu sinovlarni yengib o'tishda butun aqlu zakovati, azmu shijoati, imonu irodasi, ilmu tafakkuri, bor imkonu salohiyatini ishga soldi.

El-yurt boshiga sinovli kunlar tushgan damlarda davlatimiz rahbari yoshu keksa barchamizga jasorat, matonat va fidoyilik bobida o'rnak bo'ldi.  Shu ma'noda, har birimiz tinch
hayotimizda duch kelayotgan sinovlarni yengib o'tishda hamisha sabrli va chidamli, jasoratli va matonatli, bilimli va saviyali, g'ururli va or-nomusli, vatanparvar va xalqsevar bo'lishimiz lozim.

Bu borada urush davrida inson zoti chidolmaydigan azob-uqubatlar, g'am-kulfatlar, cheksiz yo'qotishlarga bardosh bergan va qo'li doim baland kelgan ajdodlarimizning mustahkam irodasi bizlarga – ibrat, pok ruhlari esa madad bo'lsin. Zero, bugun yangi O'zbekiston bag'rida G'alaba bog'i, «Matonat madhiyasi» va «Mangu jasorat» monumentlari, «Shon-sharaf» muzeyi va «Ko'z yoshi» majmuasi kabi muhtasham bunyodkorlik inshootlari – jasorat va matonat, adolat va ogohlik, mehribonlik va sadoqat tantanasining muazzam timsollari qad rostlagani bejiz emas.

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
("Kuch - adolatda" gazetasining
2020 yil 15 may sonida e'lon qilingan)

Powered by GSpeech