Yaponiyada dunyodagi eng kichik bog‘ mavjud: uning maydoni yarim metrdan kam

Bog‘da kirish joyi, bir kishilik kichkina o‘rindiq va ozgina maysa bor.

Tokio shahrining chekkasida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan dunyodagi eng kichik bog‘ mavjud.

Bog‘ 1988 yilda barpo etilgan. Uni yaratish g‘oyasi mahalliy aholi vakiliga tegishli bo‘lib, u AQShga sayohati davomida Oregon shtatidagi eng kichik bog‘dan ilhomlangan va o‘zi ham shunday rekord o‘rnatishga qaror qilgan.

 

“O‘shanda kompaniya xodimlaridan biri AQShda dam olayotganida, o‘sha vaqtdagi eng kichik parkni (Oregon shtatining Portland shahrida joylashgan Mill Ends Park) ko‘rib qolgan. Shu sababli o‘z shahrida undan ham kichikroq bog‘ yaratishni xohlagan”, — deb ta’kidladi Ginnes rekordlar kitobi vakili Syuji Koyama.

Bog‘ yo‘llar kesishgan hududda joylashgan bo‘lib, ilgari bu maydon bo‘sh yotardi. Hozirgi kunda piyodalar bu yerdan dam olish va kutish joyi sifatida foydalanmoqda. Shuningdek, bog‘ rasm olishni yoqtiradigan ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Bog‘ning maydoni 0,24 kvadrat metrni tashkil etadi — bu A3 formatdagi ikki varaq qog‘oz egallaydigan joyga teng. Bog‘da kirish joyi, bir kishi o‘tiradigan kichik o‘rindiq va ozgina maysazor mavjud. Rasman ushbu bog‘ 2024 yil 25 dekabrda shahar bog‘i maqomini olgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech