Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlar bilan ishlash borasida joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Agentlik axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirovning ta’kidlashicha, respublikamizdagi 9 ming 452 ta mahallada 8,3 million nafar “Yoshlar balansi”ni shakllantirish orqali ularni kasb-hunar va chet tillariga o‘rgatish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida agentlik tomonidan davlat idoralarining 7 ming 965 nafar rahbariga alohida ishlash talab etiladigan 122 ming 715 nafar yoshlar nomma-nom biriktirilib, bugungi kunda rahbarlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan barcha yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 67 ming 86 nafarining turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etildi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 17 ming 460 nafar xodimlariga 4 million yoshlar otaliqqa berilib, ularning 178 ming 132 ta ijtimoiy va maishiy muammolari hal etildi.
Respublikamizning barcha hududlaridan 14 ta tumanda “Uychi tumani namunasi” asosida ishsiz va norasmiy band bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlash namunali tarzda joriy etilib, 62,9 ming yoshning bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, 150 ming 829 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan 54,3 ming gektar unumdor yer maydonlari ajratilib, 165,4 ming tonna mahsulot yetishtirildi va 1 trillion 158 milliard so‘m daromad olindi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 85,6 ming yoshga 1 trillion 521 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 128,4 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 53,1 ming yosh kasb-hunarga o‘qitilib, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.
Joriy yilda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 175 ming 573 nafar yoshdan 134 ming 890 nafariga amaliy ko‘maklar ko‘rsatish maqsadida “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 230 milliard so‘m miqdordagi mablag‘ yo‘naltirildi.
Yangi tajriba asosida vatanparvarlik oromgohlari, “Jasorat” maktablari, harbiy xizmatga jalb etish bo‘yicha yoshlar yetakchilari tomonidan 114 mingdan ortiq tadbirlar o‘tkazilib, 4 mln. yoshlar qamrab olindi.
Natijada, 1 ming 814 ta mahalla “yoshlar ishsizligidan holi hudud”ga aylandi va 4 ming 24 ta mahallada yoshlar tomonidan umuman jinoyat sodir etilmadi.
Yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali ʼʼIbrat farzandlariʼʼ loyihasi doirasida 1,4 milliondan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tilni, ʼʼUstoz AI” loyihasi doirasida 83,1 ming nafar yosh 40 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda. Xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan 35,2 ming nafar yoshga 64,4 milliard so‘m, shundan, joriy yilda 12,3 ming nafar yoshga 24 milliard so‘m imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.
Shuningdek, yuqori daromadli faoliyatga jalb etish maqsadida “Kelajak kasblari” loyihasida 18,6 ming yoshning o‘quv markazlardagi 53,3 milliard so‘mlik kurs xarajatlari to‘lab berildi.
Germaniyada dual ta’lim dasturi doirasida 8 mingga yaqin yosh nemis tili kurslarida o‘qitilib, 512 nafari Germaniyaga kasbiy ta’lim olish va ishlash uchun yuborildi.
Yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn, huquq va zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” loyihasi yo‘lga qo‘yilib, qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi bo‘yicha 220 ta qo‘llanma tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali 300 ming yosh qizlar qamrab olindi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ni yil davomida o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, 5 bosqichda “Bo‘zatov – yoshlar ovozi”, yosh musavvirlar, mushoira tanlovlari, zakovat, yengil atletika, stol tennisi, strit vorkaut, shaxmat-shashka, futbol musobaqalari o‘tkazildi. Ularda jami 8,3 million yoshlar ishtiroki ta’minlandi.
Kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovi orqali 805 mingdan ortiq, “Mutolaa” loyihasi orqali 959 ming 905 nafardan ortiq yoshlar qamrab olinib, loyiha doirasida 1 ming 414 ta audio va 1 ming 623 ta elektron kitob yaratildi.
Prezidentimiz tomonidan xalqaro tadbirlarda bildirilgan taklif va tashabbuslarning ijrosini yuqori saviyada ta’minlash maqsadida 26-30 iyun kunlari ilk marotaba “Butunjahon yoshlar festivali” o‘tkazildi.
Ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda 10 ga yaqin kelishuvlarga erishildi.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yil yakuniga qadar bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 11.10.2024
- Ko'rishlar: 615
- Chop etish