YUNESKOning tadqiqotiga ko‘ra: Inflyuyenserlarning (bloger) 62 foizi ma’lumotni ulashishdan oldin tekshirmaydi. Bu dezinformatsiya tarqalishiga va jamoatchilik ishonchining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Xo‘sh, dezinformatsiya nima?
Dezinformatsiya – (fransuzcha des – salbiy va information – axborot) muayyan guruh va doiralarning g‘arazli maqsadlariga erishish yo‘lida soxta ma’lumotlardan foydalanish asosida ijtimoiy fikrni chalg‘itish maqsadida matbuot, radio, televideniye va internetda qo‘llanadigan usul, vosita.
Dezinformatsiyaning 3 xil:
a) soxta axborot, ovoza va shov-shuvlar tarqatish;
b) konfidensial ma’lumotlar «oqib ketishi»ni tashkil qilish;
v) muayyan faktlarni bo‘rttirib yoritish, ziddiyatli xabarlarni tarqatish kabi turlari mavjud.
Pew Research Center ma’lumotlari: 18-29 yoshdagi amerikaliklarning 40 foizi yangiliklarni inflyuyenserlardan oladi. Biroq ularning aksariyati axborot sohasida mutasaddi tashkilotda faoliyat olib bormagan.
Shu o‘rinda YUNESKO "Media savodxonlik va faktlarni tekshirish muhim, aks holda ijtimoiy tarmoqlardagi axborot ishonchsiz bo‘lishi mumkin"ligi haqida ogohlantirmoqda.
Dezinformatsiyaning tarixi, avvalo, OAVning paydo bo‘lishi va shakllanishi bilan uzviy bog‘liq, uning mazmun-mohiyati asosan siyosiy, g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan intilishlarda namoyon bo‘ladi. Biz bunday xatarlarga doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashashimiz, ularga qarshi har tomonlama chuqur o‘ylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilan javob berishimiz zarur. Ana shundagina aholimiz, ayniqsa, yoshlarimiz voqelikka ochiq ko‘z bilan qarab, jahonda va yon-atrofimizda mavjud bo‘lgan, tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni, tarqatilayotgan turli ma’lumot va axborotlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli xulosa va saboq chiqara oladi.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 20.12.2024
- Ko'rishlar: 517
- Chop etish