Oliy Majlis Senatining videokonferentsaloqa shaklida o'tkazilayotgan to'rtinchi yalpi majlisida ilk bor Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2018-2019 yillarda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holatiga doir axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning bajarilishi bo'yicha milliy ma'ruzalar BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilgan.
Keyingi davrda, ayniqsa, O'zbekiston parlamenti tomonidan inson huquqlari bo'yicha muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konventsiyasi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 3 ta shartnomasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar tasdiqlandi.
Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanayotganligi ta'kidlandi. jumladan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi Prezidentimiz tomonidan ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus hayotga tatbiq etilganining amaliy ifodasidir.
2018 yil noyabr` oyida Samarqand shahrida Osiyo mintaqasida birinchi marotaba Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi, shuningdek, 2019 yilda esa Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisining mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bu muhim tashriflar O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishiga katta turtki bergani alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, majlisda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga izchil amal qilinishiga ahamiyat berildi. Xususan, bugungi kunda bu borada milliy harakatlar rejalarini («Yo'l xaritalari»ni) bevosita Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etilgan.
2019 yilda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganining 40 yilligini nishonlashga bag'ishlangan keng ko'lamdagi tadbirlar o'tkazilgan.
Shuningdek, majlisda O'zbekiston 2021-2023 yillarga bo'lgan davrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun nomzodini ilgari surganini hisobga olgan holda, bu borada ijobiy samaraga erishish uchun tegishli barcha siyosiy-diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi axboroti to'g'risida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: senat.uz
- Qo'shildi: 11.05.2020
- Ko'rishlar: 4103
- Chop etish