Hech kimga sir emaski, bolalar har doim davlat va jamiyat tomonidan g'amxo'rlik qilish va qo'llab-quvvatlashga muhtojdirlar. Bu ularga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bilan berilgan huquqdir. Ya'ni deklaratsiyaning 25-moddasida ta'kidlanganidek: “Onalik va bolalik alohida g'amxo'rlik va yordam huquqini beradi”. Shunday ekan, har bir davlatda, jumladan, O'zbekistonda ham bola huquqlari kafolatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lishi lozim.
O'zbekiston Respublikasining bola huquqlarini himoya qilish bo'yicha siyosati BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va bola huquqlari to'g'risidagi boshqa xalqaro shartnomalarga hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish to'g'risidagi boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar qoidalariga asoslanadi. O'zbekiston Respublikasi 1992 yilda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilishi natijasida uning qoidalarini bajarish majburiyatini zimmasiga olgan. Bolalarning Konventsiyada ko'rsatilgan huquqlariga rioya qilish va ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar va kafolatlar yaratish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi.
So'nggi yillarda mamlakatimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to'g'risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi, “Bolalarni ularning sog'lig'iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlari qabul qilindi, Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi, erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o'n sakkiz yosh etib belgilandi, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqish kafolatlandi, bolalar mehnatiga butunlay chek qo'yildi, yetim bolalar va ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmaganlarning fohishaligidan foydalanish holatlariga chek qo'yishni nazarda tutvchi o'zgartirishlar kiritildi va boshqalar.
Mamlakatimizda bolalr huquqlarini ta'minlash maqsadida bir qator qonunosti hujjatlari qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4736-son qarori, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi 6012-son farmoni va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir. Bugungi kunda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi bola huquqlarini ta'minlash sohasidagi ustuvor hujjat hisoblanadi. Hususan, Milliy strategiyada bolalarga nisbatan alohida munosabatni nazarda tutadigan odil sudlov institutlarini joriy etish, bolalar va ayollar fohishabozligi va pornografiyasining sabablari hamda sharoitlarini aniqlash va oldini olish, bolalarni intellektual rivojlantirish, parvarish qilish va sog'lomlashtirishni ta'minlovchi maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish huquqini ta'minlash, yetim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, bola huquqlariga oid xalqaro standartlar qoidalarini implementatsiya qilish va mazkur sohada huquqni qo'llash amaliyoti ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 maydagi PQ-4736-son qarori qarori bilan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini bajarish strategiyasini ishlab chiqish, bola huquqlari va erkinliklari xalqaro standartlarini qonun hujjatlariga tatbiq etishni monitoring qilish, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko'maklashish, bola huquqlari va erkinliklari masalalari bo'yicha xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to'g'risida takliflar kiritish Bola huquqlari bo'yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari sifatida belgilandi.
Bola huquqlari to'g'risidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish - bu ushbu normalarni davlat tomonidan o'z hududida, uning yurisdiktsiyasidagi barcha shaxslarga nisbatan amalga oshirishini anglatadi. Shu bilan birga, bu jarayon davlatning xalqaro majburiyatlarini bajarilishini ta'minlashga qaratilgan qonun ijodkorligi va tashkiliy faoliyati sifatida namoyon bo'ladi.
Hozirgi kunda inson huquqlariga oid deyarli barcha xalqaro hujjatlar davlatlarning tegishli munosabatlarni ushbu hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tartibga solish majburiyatlarini ko'zda tutadi. Albatta, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya ham bundan mustasno emas. Konventsiyaning 4-moddasida “Ishtirokchi-davlatlar ushbu Konventsiyada e'tirof etilgan huquqlarni amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma'muriy va boshqa choralarni ko'radilar” deb belgilangan. Bunda Konventsiya qoidalarini implementatsiya qilish, milliy qonunchilik normalariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan mazkur sohada hamkorlikni yo'lga qo'yish yoki boshqa ma'muriy va tashkiliy choralarni qo'llash orqali amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Mamlakatimizda bugungi kunga qadar Konventsiyaning ko'plab qoidalari implementatsiya qilingan hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi va boshqa qonun hujjatlarida o'z ifodasini topgan. O'zbekistonning ushbu sohadagi faoliyatini yanada takomillashtirish va yangi bosqichga olib chiqish maqsadida BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va bola huquqlari bo'yicha boshqa xalqaro shartnomalarini bajarish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo'yilgan. Mazkur Strategiya mamlakatimizning keyingi 5 yillikda bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy vazifalarini, ularni amalga oshirish mexanizmlari va choralarini belgilab beradi.
Shuningdek, Strategiya Konventsiyaning barcha moddalarini amalga oshirishga hissa qo'shadigan, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotida bola huquqlarining ahamiyatini tushunishga yordam beradigan hamda Konventsiyani amalga oshirish darajasini baholashga yordam beradigan masalalarni o'z ichiga olishi lozim.
BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va bola huquqlari bo'yicha boshqa xalqaro shartnomalarini bajarish strategiyasi o'zida quyidagi masalalarni o'z ichiga oladi:
davlat tomonidan oila institutini qo'llab-quvvatlash kafolatlarini mustahkamlash;
ta'lim tizimida bolalarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish;
bolalarga malakali tibbiy yordam ko'rsatish va ularning salomatligini nazorat qilish tizimini takomillashtirish;
yetim bolalar hamda ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan, nogironligi bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash;
bolalarga nisbatan odil sudlovni ta'minlash va ularni kattalarning huquqqa xilof harakatlaridan himoya qilish;
bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud bilan bog'liq bo'lmagan vositalar orqali himoya qilishning samarali tizimini yaratish va bolalarni o'zlarini mustaqil himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash.
Bugungi kun talabi O'zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash, ularning huquqiy holatini takomillashtirish tizimini qayta ko'rib chiqishni taqozo qilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bola huquqlarini to'la hajmda himoya qilishga imkon bermaydigan bir qator bo'shliqlar mavjud. Mazkur Strategiya ushbu bo'shliqlarni to'ldirishga xizmat qiladi.
Shunday qilib, Strategiya avvalambor, bolalarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kaoflatlarini yanada mustahkamlaydi, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi va imidjini yanada yaxshilashga yordam beradi.
Rustam Atovulloev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Bosh yuriskonsul`ti
- Qo'shildi: 19.03.2021
- Ko'rishlar:
- Chop etish