Barcha mamlakatlar tomonidan olib borilayotgan islohotlarning maqsadi avvalo inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, shuningdek 1965 yil 21 dekabrda ko'plab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to'g'risidagi xalqaro konventsiyani hayotga tatbiq qilishdan iborat.
Mazkur xalqaro huquqiy hujjatda irqiy tafovutga asoslangan har qanday irqiy ustunlikka erishish siyosati g'ayriqonuniy ekanligi, ahloqiy va rasmiy jihatdan qoralanishi ta'kidlangan.
Konventsiyaning 8-moddasiga asosan ishtirok etuvchi davlatlar hisobotlarini va agar masala uning vazifasi doirasiga kiradigan bo'lsa, konventsiya shartlari buzilayotgani to'g'risidagi alohida shaxslarning shikoyatlarini ko'rib chiqadigan xalqaro nazorat organi - Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo'yicha qo'mita tashkil etishni ko'zda tutgan.
1970 yildan buyun BMTning shartnomaviy organi sifatida faoliyat olib boruvchi organ Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo'yicha qo'mita tashkil etildi, Konventsiyaga a'zo-davlatlar to'rt yilda bir marta Qo'mitaga Konventsiya qoidalarini o'sha davlat milliy qonunchiligida qanday aks ettirilayotganiligi to'g'risida ma'ruza taqdim etishi lozim. Ikki yilda bir marta esa, mamlakatdagi vaziyat bo'yicha yangi ma'lumotlarning qisqacha ma'ruzasini taqdim qilishlari zarur bo'ladi. O'zbekiston Respublikasi Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga 1995-yil 28-sentyabrda qo'shilgan va yuqorida aytib o'tilgan qo'mitaga o'ndan ortiq milliy ma'ruzalar yubordi.
2019 yil 3-4 dekabr kunlari Shveytsariyaning poytaxti Jeneva shaxrida BMT Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasi doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokida konventsiya qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonning O'ninchi – O'n ikkinchi qo'shma davriy ma'ruzalari ko'rib chiqildi, shundan so'ng BMT Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo'yicha qo'mita Konventsiya qoidalarini mamlakatda yanada rivojlantirishga qaratilgan yakuniy mulohaza va tavsiyalari qabul qilindi.
2020 yil 15 oktyabrda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi Xalqaro konventsiya qoidalarini bajarish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining O'ninchi - O'n ikkinchi davriy ma'ruzalarini ko'rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 - 2022 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar rejasi haqida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo'shma qarori qabul qilindi, ushbu hujjatni davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi amal ishlab chiqdi.
Parlament palatalari tomonidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalari yuzasidan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlab, Konventsiya normalarini amalga oshirish masalalari
bo'yicha statistik ma'lumotlarni to'plash, lo'li/ruma etnik guruhlari huquqlarini ta'minlash va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha 2020-2025 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish, O'zbekiston Respublikasining 1954 yilgi Apatridlar maqomi to'g'risidagi konventsiya va 1961 yilgi Fuqarolikka ega bo'lmaganlikni qisqartirish to'g'risidagi konventsiyaga qo'shilishining maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi masalani o'rganish kabi muhim vazifalar vazirlik va idoralarga belgilab berildi. Milliy harakatlar rejasida millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan jami 20 dan ortiq chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Milliy harakatlar rejasining 1-bandiga muvofiq, Davlat statistika qo'mitasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, hamda Jahon bankining ekspertlari ishtirokida O'zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to'g'risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 19 noyabr` kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o'qishda ko'rib chiqilib, kontseptual jihatdan ma'qullandi.
Bundan tashqari, o'z huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarishda etnik guruhlar vakillari duch kelayotgan masalalarni aniqlash bo'yicha Respublikamizda mavjud barcha 140 tadan ortiq milliy madaniy markazlar bilan o'zaro maslahatlashuv va muloqotlarni o'tkazish tizimli yo'lga qo'yildi. Olib borilgan o'rganishlar natijasiga ko'ra, mamlakatimizdagi boshqa millat vakillarining o'z huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarishdagi asosiy muammo O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish masalasi ekanligi aniqlangan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Teng muomila qilish va kamsitmaslik to'g'risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi mas'ul vazirlik va idoralar xorijiy mamlakatlar tajribasini, shuningdek milliy qonunchiligimizning o'ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda o'z takliflarini berdilar. Mazkur qonun loyihasi bo'yicha ishlar davom ettirilib, loyiha bo'yicha ishlar yakunlangandan so'ng keng jamoatchilik muhokamasi uchun Markaz saytiga joylashtiriladi.
Shuni ta'kidlash lozimki Milliy harakatlar rejasi bandiga asosan mamlakatimizdagi lo'li/ruma etnik guruhlari huquqlarini ta'minlash va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha ularning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini ta'minlash sohasidagi vaziyat monitoring qilindi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, monitoring natijasida O'zbekistonda 86 563 nafar lo'li/ruma millatiga mansub fuqarolar mavjud bo'lib, ulardan 45 092 nafari ayollar, 41 471 nafari erkaklardir. Ulardan 16 yoshdan yuqori voyaga yetganlar soni 46 422 nafarni, (pasport olganlar 27 803 kishi), 16 yoshdan kichik voyaga yetmagan bolalar soni esa 25 925 nafarni (ulardan hozircha 10 206 nafari tug'ilganlik haqida guvohnoma olmagan) tashkil etishi aniqlangan. 86 563 nafar lo'li/rumalardan 30 506 nafari hech qanday ma'lumotga ega emas, 16 190 nafari ishsizlarni tashkil etadi. Ayni padta ko'rsatilgan sohalarda lo'li/ruma huquqlariga rioya qilmaslik sabablari o'rganilmoqda.
2020 yil 30 dekabr kuni O'zbekistonda istiqomat qilayotgan lo'li millati vakillarining turmush tarzini yaxshilash, ularning mamlakat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalarga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi hamda mazkur yig'ilishda ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo'yicha qo'mitaning fuqarolikni berishda to'siqlarni bartaraf etish va shaxslarning fuqaroligini yo'qotishining oldini olish uchun, xususan ishtirokchi-davlat fuqaroligini olishda shoshilinch choralar ko'rish bo'yicha tavsiyasiga asosan mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan O'zbekiston Respublikasining 1954 yilgi Apatridlar maqomi to'g'risidagi konventsiya va 1961 yilgi Fuqarolikka ega bo'lmaganlikni qisqartirish to'g'risidagi konventsiyaga qo'shilishining maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi masala o'rganib chiqilmoqda.
2020 yil 13 martda yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonunning 6-moddasi asosida 50 ming nafardan ortiq shaxsga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish imkoniyati yaratildi. O'z navbatida, bu muhim qadam fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirishga samarali turtki berdi.
Shuningdek, 2020 yil 29 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga ham to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligini olish imkoniyati berilishi, bu bilan yana 20 ming kishi O'zbekiston fuqarosi bo'lish imkoniyatiga ega bo'lishi hamda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinishi ta'kidlandi. Bu muhim mavzu davlatimiz rahbarining joriy yilning 22 fevralda Jenevadagi BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi chiqishida ham tilga olindi.
Umuman olganda, O'zbekistonda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashni cheklaydigan mavjud muammolarni hal qilishning aniq tizimi yaratilmoqda. Chet el tajribasini hisobga olgan holda, O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha milliy ma'ruzalarni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha milliy harakat rejalarini o'z vaqtida amalga oshirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Madaliev Sardor,
Xolmamatov Xusniddin,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi,
Tahlil va tadqiqotlar bo'limi yetakchi mutaxassislari
*foto internetdan olindi
- Qo'shildi: 25.03.2021
- Ko'rishlar:
- Chop etish