YuNESKO tomonidan 21 fevral – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan.
Bu 1952 yil 21 fevralda bo‘lib o‘tgan voqea – Bangladeshning Dakka shahrida o‘z ona tili – bengal tilini davlat tili darajasiga ko‘tarish va uni himoya qilish maqsadida shahar ko‘chalariga chiqqan talabalarning politsiya xodimlari tomonidan o‘qqa tutilishi bilan bog‘liq.
Mazkur sana 2000 yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlab kelinmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2022 yilni – Ko‘ptilli ta’limda texnologiyadan foydalanish: muammolar va imkoniyatlar yili deb e’lon qilgani ham bejiz emas.
Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi. Mazkur kun ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, shu munosabat bilan har bir insonning o‘z Vatani va ona tiliga bo‘lgan muhabbati, hurmat-ehtiromi hamda uni qadrlash tuyg‘ulari yangilanadi.
Milliy til – xalqlar va millatlarning asosiy muloqot manbaidir. Til xalqlarni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarni saqlaydi, avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlaydi.
Til – mamlakat timsoli, qimmatbaho mulkdir.Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushishi turgan gap.
Tilni sevish, ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi.
Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytishmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili – ona tilimiz ta’sirida shakllangan.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buning tasdig‘i o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Tarixga bir nazar: 1989 yil 21 oktyabr kuni yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbek tili – ona tilimiz davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi.
1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi.
Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
O‘zbekiston Prezidenti 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga muvofiq, “2020 – 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
2020 yil 20 oktyabrda esa Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni, deb belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida mustahkamlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, davlat tilini hayotga to‘laqonli tatbiq etish barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Hozirgi kunda Taraqqiyot strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Abdukamol PO‘LATOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 21.02.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish