Jamiyat ijtimoiy siyosiy, ma'naviy hayotida yoshlarning o'rni va ishtiroki

Hozirda dunyoning ko'pchilik mamlakatlarida yoshlar davlat hokimiyatini shakllantiruvchi, uning faoliyatida ishtirok etuvchi, mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta'sir ko'rsatuvchi asosiy kuchga aylandi. Davlat va jamiyatning o'zaro munosabatlarida yoshlarning roli sezilarli darajada oshib bormoqda.

O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining markazida yoshlarga ta'lim-tarbiya berish jarayonlarini tubdan takomillashtirish va zamonaviylashtirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni kuchli ijtimoiy himoya qilish masalalari turadi. Davlatimiz rahbaritashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Ta'lim to'g'risida”gi qonun, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatida muhim ahamiyatga molik bo'lgan hujjatlardir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, respublikamizda olib borilayotgan yoshlarga doir siyosat o'zining izchilligi bilan alohida ajralib turadi.

Jumladan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, jamiyatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarini liberallashtirish vazifasi jamiyat va davlat hayotida yoshlarning roliga yangicha yondashuvlarni qaror toptirish va rivojlantirish bugungi kunning bahs mavzusiga aylandi.

Yurtimiz mustaqillikni qo'lga kiritgan dastlabki kunlardanoq O'zbekistonda yoshlar siyosatiga alohida e'tibor qaratilib, 1991 yil 20 noyabrda “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishiva uning 2016 yil 14 sentyabrda yangi tahrirda tasdiqlanishi mamlakatimizda yoshlar siyosatiga bo'lgan e'tibor va g'amxo'rlikni yangicha bosqichga ko'tarishi bilan muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning 2017 yil 5 iyulda «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida»gi Farmoni va 2017 yil 18 iyulda «O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori qabul qilindi. Ushbu meyoriy hujjatlarda  yoshlarning ilmiy va innovatsion faoliyatini qo'llab-quvvatlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yosh olimlarning jahon ilmiy maydonida raqobatbardoshliligini shakllantirish uchun zarur
shart-sharoitlarni yaratish, yoshlarning intellektual mulk ob'ektlarini respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy tarmoqlariga joriy etish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, O'zbekistondagi siyosiy partiyalar huzurida yoshlar masalalari bilan shug'ullanuvchi “Yoshlar qanoti” tashkil etilgan.Bulardan ko'zlangan asosiy maqsad – mamlakatning jahon hamjamiyatidan munosib o'rin olishida yoshlarning faol ishtirokini ta'minlash, yoshlarning ongiga milliy istiqlol g'oyasini singdirish, ularda jamiyatimiz taraqqiyotiga to'siq bo'layotgan turli xil g'oyaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an'analarimizni e'zozlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda yoshlarni faol ishtirok etishga chaqirish, barcha bo'g'inlardagi partiya organlariga saylanish, hokimiyat vakillik organlariga nomzodini ko'rsatish, partiya yig'ilishlarida muhokama kilinayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirish, takliflar kiritish, dasturiy maqsadlarni hayotga tatbiq etish jarayonlarida bevosita yoshlarning faol ishtirok etishini ta'minlashga intilish, yoshlar orasida yaratuvchanlik g'oyalarini ilgari surishi hamda ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan amaliy taklif va mulohazalar ishlab chiqish kabilardan iborat

Umuman olganda, o'sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, yuksak ma'naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o'zlashtirgan sog'lom va barkamol etib voyaga yetkazishga hamda yoshlarni yuksak ma'naviyatli va yuqori malakali kadrlar qilib tayyorlashga, shuningdek Vatanga xurmat ruhida tarbiyalashga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz mustaqillikka erishganidan so'ng o'tgan qisqa fursat davomida yoshlar siyosatiga doir amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar va ularning ijobiy natijasi bilan har qancha fahrlansak arziydi.

Xulosa qilib aytganda O'zbekistonda yoshlar siyosati natijasida olib borilgan samarali tadbirlar natijasida mamlakat yoshlari jahon arenalarida ham ulkan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. Bu yoshlarning iqtisodiyot, siyosat, sport, ma'naviyat, ilm-fan sohalaridagi yutuqlarida namoyon bo'ladi.  Biroq mamlakat ilm-fanida yoshlar tashkilotlarining tashkil topishi, rivojlanishi, faoliyati tarixi alohida tadqiq qilinmagan. Bizningcha, O'zbekistonda yoshlar tashkilotlari faoliyati fanlararo yo'nalishda alohida-alohida va umumiy xususiyatlariga ko'ra tadqiq etilishi ular oldida turgan muammolarni aniqlashda, bu muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar tarix, sotsiologiya, siyosatshunoslik, huquqshunoslik, pedagogika kabi ijtimoiy fanlarning oldida turgan dolzarb muammolardan hisoblanadi. Chunki, yoshlar muammolarini aniqlash va ularga yechim topish mamlakat barqaror rivojlanishining muhim kafolatidir.

XASANOVA MUXLISA
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
katta tahrirchisi

Powered by GSpeech