20 may – Butunjahon metrologiya kuni

Bugun kundalik turmushimizda foydalaniladigan har qanday narsaning aniq o‘lchami, ularni o‘lchaydigan asbob-uskunalar mavjud. O‘lchashlarni to‘g‘ri amalga oshirish esa aniq hisob-kitoblarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Haqiqiy qiymatni aniqlash uchun o‘lchash vositasining o‘zi aniq va to‘g‘ri qiymatlarni ko‘rsatishi lozim.

Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi, to‘g‘ri va aniq o‘lchashni ta’minlovchi soha bu – metrologiya. Gohida “Texnika asri”, gohida “Taraqqiyot asri” deb nomlanayotgan ushbu kunlarda barcha amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar muvaffaqiyatida metrologiyaning o‘rni  beqiyos.  

Respublikamizda metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Sohani rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston milliy metrologiya institutida ham qator yangi loyihalar ustida izlanishlar olib borilmoqda.

—2025 yilda ushbu kun “O‘lchashlar – barcha zamonlar, barcha xalqlar uchun!” shiori ostida nishonlanmoqda, — deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti matuot xizmati xodimi Nargiza Mamaziyayeva. —Bu yilgi sana alohida ahamiyatga ega. Chunki aynan metrik konvensiya imzolanganiga 150 yil to‘lmoqda. Bu tarixiy hujjat 1875 yilda 17 mamlakat vakillari tomonidan imzolanib, dunyo miqyosida yagona o‘lchash tizimining asosini yaratgan. Shu kunlarda biz barcha avlodlar metrologlarining fidokorona mehnati va hissasini minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bugungi kunda nafaqat mamlakatda, balki xalqaro darajada ham ishonchli metrologiya infratuzilmasini yaratish yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilmoqda.

Jumladan, Milliy etalonlar bazasi mustahkamlanmoqda. 2024 yilda 3 ta yangi etalon – suyuqliklarning elektr o‘tkazuvchanligi, g‘adir-budurlik kattaliklari va hajm o‘lchash birligi xarid qilindi va joriy etildi. Bugungi kunda institutdagi etalonlar soni 32 taga yetdi. 2025 yilda qiymati 70,7 milliard so‘mlik 9 ta yangi etalon xarid qilinishi rejalashtirilgan. Hozirda 4 ta etalon bo‘yicha savdo jarayonlari davom etmoqda.

Undan tashqari laboratoriyalar modernizatsiya qilinmoqda. 27 ta yangi o‘lchash vositalari va yordamchi uskunalar xarid qilindi. Ulardan 21 tasi hududiy filiallar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, jami qiymati 905 million so‘mni tashkil etadi.

Metrologik hujjatlar va standartlar ishlab chiqilmoqda. 20 ta milliy standartni joriy etish rejalashtirilgan, shundan 2 tasi tasdiqlandi, 7 tasi ro‘yxatga olish jarayonida. Shu bilan birga, 9 ta milliy standart loyihasi ishlab chiqildi, ulardan 2 tasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Metrologiya tarixini targ‘ib qilish, uning sanoat va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ko‘rsatish maqsadida “Me’yorlar merosi” muzeyi tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Navoiy va Qo‘qon shaharlaridagi filiallarda qiyoslash laboratoriyalarining akkreditatsiya doirasi kengaytirildi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA

Powered by GSpeech