Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Otabek Usmonov ma’lum qildi.
Raqobat qo‘mitasiga 2024-yil hamda 2025-yilning bugungi kungacha o‘tgan vaqti davomida iste’molchilardan jami 45 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 24 mingga yaqini uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 13 mingga yaqini savdo va umumiy ovqatlanish, 9 mingdan ortig‘i aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar masalalariga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilarga 38 mlrd. so‘mga yaqin miqdorda yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilingan. Shu bilan birga, savdo sohasida iste’molchilarga 500 dan ortiq holatda 3,5 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan.
Qo‘mita tomonidan iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida 10 ga yaqin yo‘nalishda 324 ta tizimli o‘rganishlar o‘tkazilganda iste’molchilardan jami 143,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha haq olinganligi aniqlangan. O‘tkazilgan tizimli o‘rganishlar natijasida iste’molchilar foydasiga 129,5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Qo‘mitaning “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar bo‘yicha tekshirish o‘tkazilganda 1400 ga yaqin dorixonalarda huquqbuzarlik holatlari yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida 264 259 ta holatda 13 mlrd. so‘mga yaqin miqdorida asossiz daromad olinganligi aniqlanib, ortiqcha olingan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, elektron tijorat yo‘nalishida 200 ga yaqin holatda operatorlarining iste’molchilarga taqdim etilayotgan ommaviy ofertalarida amaldagi qonunchilik talablariga nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlandi. Bu borada profilaktik ishlar amalga oshirilishi natijasida operatorlar tomonidan saytlar va ommaviy ofertalari davlat tilida ishlab chiqildi hamda amaldagi talablariga muvofiqlashtirildi.
Qo‘mita tomonidan qonunchilik buzilishi yuzasidan raqobat, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Nizomga asosan qonunchilik buzilishi yuzasidan jami 900 ga yaqin ish qo‘zg‘atilgan.
O‘tgan vaqt davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan hamda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan 44 ta hujjat loyihalari bo‘yicha xulosalar berilgan.
2024-2025-yilning o‘tgan davrida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida jami 765 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilganda 140 nomdagi mahsulotlar normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Shuningdek, 15-mart - Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni munosabati bilan Qo‘mita German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti bilan hamkorlikda “Iste’molchi ishonchi” sifat belgisi va “Iste’molchilar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha eng yaxshi korxona” nominatsiyalarida 5ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlovda chakana savdo, ishlab chiqarish, moliyaviy va qurilish sohasi xizmatlarida 45 ta tadbirkorlik subyektlari g‘olib deb topildi va diplom, statuetka hamda esdalik sovg‘alariga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarining 600 nafardan ortiq talabalaridan 16 nafari “Moliyaviy savodxon yosh iste’molchi” IV-onlayn olimpiadasining g‘olibi bo‘lib, Qo‘mitaning faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Rasmiy xabarlar
- Qo'shildi: 25.04.2025
- Ko'rishlar: 212
- Chop etish