Bugungi Qarshi, ko'hna Nasaf azal-azaldan dunyo ilm-fani va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo'shgan shaharlardan biri hisoblanadi. Qadimiy qo'lyozma va bibliografik qomusiy asarlar varaqlab ko'rilsa, bu barakotli kentdan ko'plab olimu ulamolar yetishib chiqib, Nasafiy nisbasi bilan samarali ijod qilganining yaqqol guvohi bo'lish mumkin.
Ulug' olim Abul Muin Nasafiy (1027-1114) ana shu nisbali mashhur shajaraning yorqin vakilidir. Alloma o'zining ma'naviy ustozi, buyuk mutakallim imom Abu Mansur Moturidiy ta'limotini yanada rivojlantirib, uning butun Sharq mamlakatlariga tarqalishida beqiyos xizmat ko'rsatgan olim sanaladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qashqadaryo viloyatiga safari doirasida 27 noyabr kuni Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy tarixiy majmuasini ziyorat qildi. Unga Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev hamrohlik qildi.
Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida va keyingi bir necha tashriflari paytida ham kalom ilmi bo'yicha taniqli olim Abul Muin Nasafiy tarixiy majmuasini qayta ta'mirlash, uning negizida kutubxona va muzey tashkil etish yuzasidan ko'rsatmalar bergandi. Shu asosda Abul Muin Nasafiyning boy ilmiy ma'naviy merosini chuqur o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib etish borasida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Sir emasi, aqida masalalari har qanday davrda ham, har qanday jamiyatda ham alohida ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun bu hayotiy muhim masala har doim ilm ahlining diqqat e'tiborida bo'lib kelgan.
Abul Muin Nasafiy ham shu yo'nalishda bir nechta asarlar yaratgan. Muallifning, ayniqsa, “Tavsiratul adilla”, “Bahrul kalom” kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan yuqori baholangan. Afsuski, Abul Muin Nasafiyning hayoti va asarlari sobiq tuzum davrida umuman o'rganilmagan.
Istiqlol sharofati bilan ko'plab allomalarimiz qatorida Abul Muin Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy asosda o'rganish ishlari yo'lga qo'yildi. Alloma ruhi mangu qo'nim topgan manzil obod go'shaga aylantirildi.
Akmal Saidov 2,1 gektar maydonni egallagan tarixiy obida hududidagi 500 o'rinli masjid, kutubxona, muzey, ma'muriy bino va boshqa inshootlar bilan yaqindan tanishdi. Abul Muin Nasafiy ziyoratgohi muzeyida saqlanayotgan noyob tarixiy manba - Xitoy ipak qog'oziga bitilgan Qur'oni karim qo'lyozmasini ko'zdan kechirdi.
Bu muqaddas kitobning bo'yi 60, eni 41 santimetrni tashkil etadi. Mazkur Qur'on uchun usta Zarif degan kishi tomonidan balandligi 1 metru 60 santimetrlik lavh yasalgan. Lavhda hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy 1851) sanasi yozib qoldirilgan. Lavhga 12 qatordan iborat forsiy she'r o'yib bitilgan.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qashqadaryodagi Abul Muin Nasafiy ziyoratgohi tom ma'noda obod go'shaga aylandi, - dedi A.Saidov. - Ushbu tabarruk maskanning yurtimiz va xorijdan kelgan ziyoratchilar bilan doimo gavjumligi xayrlidir. Tez fursatda Kasbi tumanidagi qadimiy va mashhur Hazrati Sulton Mir Haydar ota ziyoratgohi ham qayta ta'mirlanib, ziyoratchilar va sayyohlar qadami uzilmaydigan obod go'shaga aylanadi. Kasbi tumanida ziyorat turizmini rivojlantirishda bunday xayrli amal muhim ahamiyatga ega.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.11.2020
- Ko'rishlar: 3918
- Chop etish