27 yanvar kuni Moskva shahrida o'z ishini boshlagan Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasining «Buyuk G'alabaning 75 yilligi va zamonaviy xalqaro huquqning rivojlanishi» mavzusidagi yillik yig'ilishi davom etmoqda.
Mazkur forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etmoqda. Anjumanda akademik A.Saidov «Yoshlarni xalqaro-huquqiy himoya qilish: yangi tendentsiyalar» mavzusida ma'ruza qildi.
Hozirgi vaqtda dunyo aholisining 1,8 milliard nafarini yosh yigit-qizlar tashkil etadi. Bu raqam butun insoniyat tarixida qayd etilgan yoshlarning miqdoriga doir eng yuqori ko'rsatkichdir.
Bunday demografik vaziyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu bilan birga, yoshlarning asosiy huquqlari buzilishi bilan bog'liq holatlar ko'plab navqiron avlod vakillarining salohiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatayotganidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.
Shu ma'noda, XXI asrning dastlabki yigirma yilida yoshlar muammosi davlatlararo va hukumatlararo hamkorlik aloqalarining kun tartibiga kiritilishi yorqin tendentsiyaga aylangani bejiz emas. Natijada yoshlar siyosati bilan bog'liq masalalar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning faoliyatida tobora yaqqol aks etmoqda.
BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining 2030 yilgacha belgilab olingan Kun tartibida yoshlar – o'zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida e'tirof etilgan. Haqiqatan ham, agar yoshlar o'zlarining farovonligi uchun zarur bilim va imkoniyatlar bilan ta'minlansa, ular barqaror taraqqiyotni amalga oshiradigan ijobiy kuch sifatida o'zini baralla namoyon etish salohiyatiga ega bo'ladi.
Hozirgi kungacha dunyoda yoshlar huquqlari mustahkamlab qo'yilgan yagona va yaxlit xalqaro hujjat mavjud emas. Butun jahon yoshlari, xuddi ularning alohida huquqlarga ehtiyoji yo'qdek, umuminsoniy huquqlar bilan kifoyalanib kelmoqda.
Ayni chog'da, aksariyat yoshlar vakillari duch kelayotgan ko'plab muammolarga zamonaviy yondashuv aholining ushbu qatlamiga alohida e'tibor qaratishni talab qilmoqda. Bunday muammolar qatorida ekstremistik g'oyalar ta'siriga tushib qolish, turli belgilari bo'yicha kamsitishlarga duchor bo'lish, ishsizlik, mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishning cheklab qo'yilishi kabi omillarni alohida sanash mumkin.
BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Bo'lajak xalqaro-huquqiy hujjat sayyoramizda istiqomat qiladigan barcha yigit-qizlarning manfaatlariga qaratilgan yoshlar siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun
xizmat qilishi tayin.
O'zbekiston aholisining qariyb 40 foizini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatda «Yoshlarga doir davlat siyosati to'g'risida»gi qonun qabul qilingan, Yoshlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo kengashi tuzilgan. Keyingi davrda 7 million 690 ming nafar a'zoga ega O'zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etildi.
Yurtimizda har yili 30 iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Joylardagi ijro hokimiyati va ichki ishlar organlarida rahbarlarning yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosarlari lavozimlari joriy etilgan.
Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. 2019 yilda bo'lib o'tgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha bo'lgan 9 nafar deputat saylangani ham buning yorqin tasdig'idir.
Shunday qilib, bugun milliy parlament quyi palatasi tarkibining 6 foizini, mahalliy Kengashlar tarkibining esa 10 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon miqyosida bu ko'rsatkich atigi 2 foizga yetadi, xolos.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida, shuningdek, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo'yicha yagona ko'rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksini joriy etish kerakligini qayd etdi. Bularning barchasi, o'z navbatida, joriy yilda yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pog'onaga ko'tarilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Davlat rahbarining bu boradagi tashabbuslari doirasida O'zbekiston tomoni BMT, YEXHT, IHT, MDH kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda ko'plab nufuzli xalqaro tadbirlarni o'tkazdi va yangi muhim anjumanlarga hozirlik ko'rmoqda.
Mamlakatimizda “BMT-75” tashabbusi doirasida shu yil may oyida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish rejalashtirilgan. Bu xalqaro anjumanda BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasida ko'zda tutilgan bir qator masalalar, xususan, barqaror rivojlanishga erishish, nizolarning oldini olish, gender tenglikni ta'minlash, inson huquqlarini amalga oshirish, tinchlik madaniyatini shakllantirish kabi dolzarb jarayonlarda yoshlarning ta'sirchan va ijobiy roli atroflicha muhokama qilinadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.01.2020
- Ko'rishlar: 4523
- Chop etish