Andijon shahrida 11 iyun` kuni sodir bo'lgan voqea: sababi, oqibati va tergov ishi bo'yicha dastlabki ma'lumotlar

2020 yil 1 iyul kuni Xalqaro press-klubda shu mavzuda onlayn-brifing o'tkazildi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Joriy yil 30 iyun kuni odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo'lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg'otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligini qayd etdi. Hozirda jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob berayotgani, 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etilib, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgani ta'kidlandi.

Brifingni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni Axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi Jaloliddin Usmonov ochdi va unga moderatorlik qildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i Oybek Ahmadov ushbu sodir bo'lgan voqea bo'yicha Markazning axborotini taqdim etdi.

Inson huquqlarini himoya qilish – O'zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishidir. Bu haqda Prezidentimiz kecha sud`yalar ishtirokida bo'lib o'tgan video-selektor yig'ilishida alohida to'xtaldi.

O'zbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasiga muvofiq, "Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og'ir jinoyatdir".

Konstitutsiyamizning 25-moddasiga ko'ra, "Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas".

Asosiy Qonunimizning 26-moddasiga asosan, "Hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas".

Xuddi shu mazmundagi huquqiy normalar O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan, ya'ni bajarish majburiyatini zimmasiga olgan BMTning asosiy xalqaro shartnomalarida ham mustahkamlab qo'yilgan. Xususan, O'zbekiston 1995 yil 31 avgustdan BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasining ishtirokchisi hisoblanadi.

O'zbekiston mazkur Konventsiyani bajarish bo'yicha muntazam milliy ma'ruzalar taqdim etib kelmoqda. BMTning Qiynoqqa qarshi qo'mitasida o'tgan davrda O'zbekiston Respublikasining bu boradagi 5 ta milliy ma'ruzasi ko'rib chiqilgan.

Mazkur Konventsiya talablariga mamlakatimizning har bir fuqarosi, barcha tashkilotlar xodimlari xuddiki Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz normalariga amal qilganlari kabi qat'iy rioya etishlari kerak.

Prezidentimiz to'g'ri ta'kidlaganidek, afsuski, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialida 32 yoshli fuqaro, endilikda marhum Alijon Abdukarimov Andijon shahar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilgan tan jarohatlari natijasida joriy yilning 11 iyun kuni vafot etganligi bilan bog'liq fojiali hodisada inson huquqlarini o'ta qo'pol ravishda buzishga yo'l qo'yilgan.

Xususan, A.Abdukarimovning yuqorida sanab o'tilgan konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo rioya qilinmagan, ya'ni Konstitutsiyaning uchta moddasi buzilgan.

Birinchidan, A.Abdukarimovning konstitutsiyaviy huquqi bo'lmish yashash huquqi poymol etilgan.

Ikkinchidan, A.Abdukarimovning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga tajovuz qilingan, u qonunga asoslanmagan holda hibsga olingan.

Uchinchidan, A.Abdukarimov qiynoqqa solingan.

Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz konstitutsiyaviy normalarga xilof har qanday xatti-harakatlarni qoralaydi. Shuningdek, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarni Konstitutsiya, qonunlar va xalqaro shartnomalar talablariga qat'iy rioya etishga chaqiradi.

Bugungi kunda tergov harakatlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan nazoratga olingan. Shu bilan birga, Markaz O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Bosh prokuraturadan mazkur voqea bo'yicha aybdorlar ustidan sud ishini ochiq o'tkazishni qat'iy talab qiladi.

Aybdorlar haqli va muqarrar jazosini olishlari shart. Kecha Prezidentimiz ushbu fojeali voqea bo'yicha o'z fikrlarini bildirib, ishni adolatli va shaffof ko'rish haqida gapirdi.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz adolat to'liq qaror topishini, inson huquqlarini poymol qilish holatlariga butunlay barham berilishini va bunday fojealar boshqa takrorlanmasligini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi.

Shu munosabat bilan quyidagi takliflar bildirildi:

Birinchidan, endilikda mamlakatimizda bunday holatlar "Favqulodda holat" sifatida qabul qilinishi zarur.

Ikkinchidan, bundan buyon bu kabi har bitta holatning kelib chiqish sabablarini chuqur o'rganish va tub  ildizlariga yetishni qat'iy yo'lga qo'yish kerak.

Uchinchidan, Oliy sudga Jinoyat kodeksining "Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash" nomli 235-moddasini odil sudlov jarayonida qo'llash amaliyotini umumlashtirish tavsiya etiladi.

To'rtinchidan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor sohalarda ishlaydigan hamda xizmat vazifasini olib boradigan barcha toifadagi kadrlarni inson huquqlari sohasi bo'yicha o'qitish shart.

Onlayn-brifingda, shuningdek Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G'iyosov fojea tafsilotlari haqida axborot berdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov voqea yuzasidan tergov bo'yicha ma'lumotlarni taqdim etdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov holat bo'yicha aybdorlar ustidan sud ishini ochiq o'tkazish bilan bog'liq masalalarga to'xtaldi. Onlayn-brifing yakunida Xalqaro press-klub rahbari Sherzod Qudratxo'jaev o'z fikrlarini bildirdi.

Tadbirda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari faollari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi mas'ul shaxslari ishtirok etdi.

Onlayn-brifingda O'zbekistondagi diplomatik korpus vakillari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining rahbarlari, jumladan:

Amerika Qo'shma Shtatlari Elchisi Deniel Natan Rozenblyum va AQSH Elchixonasining Huquqiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Robert Sammervil;

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Elchisi Timoti Torlot;

Germaniya Federativ Respublikasi Elchisi Gyunter Overfeld va GFR Elchixonasi attashesi David Gentsel;

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Eduard Stiprays;

Rossiya Federatsiyasi Elchisi Vladimir Tyurdenev;

Frantsiya Respublikasi Elchisi Izabel Servoz-Galluchchi;

Shveytsariya Konfederatsiyasi Elchisi Olivye Shav;

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi boshlig'i Rishard Komenda;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer;

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Matilda Dimovska;

BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasidan Ashita Mittal;

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor;

Xalqaro qizil xoch qo'mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasidan Jan-Jerom Kasab`yanka ishtirok etdi.

Bundan tashqari, tadbirda xalqaro inson huquqlari tashkilotlari vakillari, xususan:

"Amnesti Interneshnl" tashkilotidan – Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofis xodimi Yelena Franklin hamda Markaziy Osiyo bo'yicha ekspert Meysi Vayxerding;

"Penal Reform Internshnl" tashkilotidan – Markaziy Osiyo bo'yicha dasturlar boshqaruvchisi Janna Nazarova va Loyiha muvofiqlashtiruvchisi Aygerim Azimova;
amerikalik taniqli huquq himoyachisi Stiv Sverdlov qatnashdi.
 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech