Assambleya ؘ– insoniyat uchun adolatli, xavfsiz va barqaror kelajakni yaratish yo‘lidagi platforma

5–9 aprel kunlari poytaxtimizda Parlamentlararo ittifoq assambleyasining 150-yubiley uchrashuvining o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun ham, butun mintaqa uchun ham nihoyatda muhim voqealikka aylandi. Mazkur anjuman nafaqat tarixiy sanani nishonlash bilan ahamiyatli bo‘ldi, balki parlamentlararo hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi.

Ushbu tarixiy assambleyada 130 dan ziyod davlatlardan 1 ming 400 ga yaqin delegatlar, shu jumladan 740 nafar parlament a’zosi, 50 dan ortiq xalqaro va kuzatuvchi tashkilotlar vakillari qatnashdi. Tadbirda 100 dan ortiq parlament spikerlari va spiker o‘rinbosarlari ishtirok etgani geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda parlament diplomatiyasi an’anaviy xalqaro munosabatlarda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi. Parlamentlarning ayol a’zolari assambleya ishtirokchilarining 37 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bu 2022 yildan beri Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida ayollar ishtirokining eng yuqori ko‘rsatkichidir. Assambleya doirasida 70 ga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularda gender tenglik, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar salomatligini saqlash, ekologiya va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev assambleyaning maxsus yalpi majlisidagi nutqida ilgari surgan muhim tashabbuslar Ittifoq a’zolari tomonidan yuqori baholandi.

Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotibi Martin Chungong assambleya dunyo parlamentlarini bir yuz elliginchi marta bir joyda to‘plagan tarixiy voqea sifatida o‘zining ahamiyatini namoyon qilgani, O‘zbekiston tomonidan barcha zarur shart-sharoit yaratilganini va tashkiliy ishlar yuqori darajada amalga oshirilganini alohida e’tirof etishdi. 

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunida Global parlament hamjamiyati ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo‘lida parlament harakatlariga bag‘ishlangan muhim hujjat — Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ijtimoiy taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni yangilab borishga qaratilgan ishlar, mavjud va yuzaga kelayotgan masalalarga birgalikda yechim topish zaruriyati ta’kidlangan. Deklaratsiya global ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun "Yo‘l xaritasi" bo‘lib xizmat qiladi.

Assambleya mintaqaviy va xalqaro miqyosda tinchlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari masalalarini hal etishda umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va tajriba almashish uchun noyob platformani taqdim etdi. Anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlarini xalqaro parlamentlararo jamoada faol ishtirokchi va global maqsadlarni ilgari surishda muhim hamkor sifatida tan olish vazifasini o‘tadi. Assambleyada ayniqsa, dunyodagi mojarolar oqibatlarini bartaraf etish kontekstida, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy qadamlar tashlandi. Shuningdek, ishtirokchi mamlakatlarning parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va ekologiya, raqamlashtirish va ijtimoiy siyosat kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha parlamentlararo hamkorlik formati yanada kengayishi borasida kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida nutq so‘zlab, parlamentarizm global siyosatda qudratli vosita sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Haqiqatan, aynan parlamentlar xalqlarni bog‘lovchi, o‘zaro totuvlik va chinakam hamjihatlikni rivojlantiruvchi ko‘prik bo‘lishga qodir. Prezidentimiz ma’ruzasida jahon hamjamiyatini yanada rivojlantirish va sayyoramizda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar ko‘rsatib berildi. Bu barcha davlatlar siyosiy manfaatlarini aks ettirishi bilan bir qatorda, insoniyat oldida turgan muhim muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli. 
Ta’kidlash joizki, so‘nggi o‘n yilliklarda dunyo bir qator global muammolarga duch keldi. 

Jumladan, qurolli to‘qnashuvlar, terrorizm tahdidlari, ekologik ofatlar va iqtisodiy inqirozlar kabi beqarorlik yuz berdi. Bunday sharoitda barcha mamlakatlar parlamentlari tinchlik va xavfsizlikni saqlashda faol ishtirok etishi juda muhim. Xususan, diplomatiya va muzokaralar xalqaro kelishmovchiliklarni hal etishning asosiy vositasiga aylanishi kerak. O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz. Masalan, Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlikka "Ikki xalq uchun – ikki davlat" tamoyilini amalga oshirish orqali erishish mumkin. Bu tamoyil butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan adolat va nizoni hal qilishni anglatadi. 

Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash O‘zbekiston manfaatlariga javob beradi. Shu bois davlatimiz rahbari parlamentariylar e’tiborini ana shu masalaga qaratdi. Bu muammolarga yechim topishda BMTning alohida o‘rni bor. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. O‘zbekiston bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaydi.

Yurtboshimiz to‘xtalib o‘tgan yana bir muhim masala – bu iqlim o‘zgarishi bo‘ldi. Darhaqiqat, sayyoramizni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bilan birga, mazkur o‘tish jarayonini tezlashtiradigan va barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan mexanizmlarni yaratish parlament a’zolari oldidagi eng muhim vazifadir. Chunki, uning ayanchli oqibatlari, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish har qachongidan ham muhimdir. Bu masalalar Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqlim forumida ham atroflicha muhokama qilindi. Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va "yashil" texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishiladi. Demakki, Iqlim o‘zgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy o‘rin olishi kerak.

Davlatimiz rahbari xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti ekanligi va shu bois O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining "Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. 

Yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o‘ta dolzarbligi, shu bois ham parlamentlar uchun yangi avlodni tarbiyalash, bu borada samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi, bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirilgani ham bejizga emas. Zero, yoshlar ertangi kun egalari. 

Har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb ekanligi va shu yil sentyabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida barcha davlat parlamentlari vakillari taklif qilindi. Global beqarorlik va iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash bugun har qachongidan ham muhim. Shu ma’noda, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilindi, aholining har tomonlama himoyasini ta’minlash siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi amalga oshirilmoqda. Natijada oxirgi sakkiz yilda 7 milliondan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirish maqsad qilingan.

Muhimi, shu kabi dolzarb masalalar tilga olinishi bilan bir qatorda, ularning samarali yechimlari – hamkorlik, o‘zaro muloqot, tajriba almashish, diplomatiyani kuchaytirish kabi demokratik yechimlar ko‘rsatib berildi. O‘zbekiston forum tashkilotchisi sifatida ushbu muammolarni hal etishda yetakchilikni o‘z zimmasiga olishga va barqaror rivojlanish va barcha xalqlar uchun adolatni ta’minlash maqsadlariga erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirildi. Zero, bu sa’y-harakatlar insoniyat uchun yanada adolatli, xavfsiz va barqaror kelajakni yaratishning yagona yo‘lidir.

Davlatimiz rahbarining nutqi va bildirgan tashabbuslari Assambleyada ishtirok etgan jahon parlamentariylari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari Parlamentlararo Ittifoqning doimiy e’tiborida bo‘ladi hamda mazkur tashabbuslarning amalga oshirilishi, shubhasiz, parlamentlar hamjamiyati va deputatlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

"Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" mavzusida o‘tkaziladigan Assambleyaning turkum yig‘ilishlarida qator dolzarb masalalar, xususan, mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va kambag‘allikning asl sabablari bilan kurashish choralari muhokama markazida bo‘lgani, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish masalasi ham atroflicha muhokama qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mazkur mavzu parlamentlarga endi faqat qonun qabul qiluvchi emas, balki ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi, kambag‘allikni qisqartirish, teng imkoniyatlar yaratish, inson qadrini ulug‘lashda tashabbuskor siyosiy sub’ekt sifatida qaralishi kerakligini ta’kidlaydi. Shuningdek, O‘zbekistonning mazkur tadbirga mezbonlik qilishi mintaqaviy yetakchilikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shu orqali Toshkent Markaziy Osiyoning diplomatik markazlaridan biri sifatidagi nomini mustahkamlab oldi. Assambleya nafaqat siyosiy, balki madaniy va inson huquqlari masalalarida ham muhim platformadir. Bu O‘zbekistonning ushbu masalalardagi pozitsiyasini bayon etish va xalqaro tashabbuslarga aktiv ishtirok etish imkonini berdi.

Abdurafiq Hoshimov,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya

universiteti huzuridagi

Diplomatiya akademiyasi

kafedra mudiri

O‘zA

Powered by GSpeech