Huquqiy munosabat
Ma’lumki, “Ayollar daftari” ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun beriladigan yordam turlari xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev quyidagi huquqiy tushunchalarni berdi:
–O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayolga uy-joyini ta’mirlash ishlariga “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Umuman olganda, “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar — bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar, boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, jumladan, boquvchisi vafot etgan, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I-II guruh nogironligi bo‘lgan hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, bedarak yo‘qolgan (sud qaroriga asosan) yoxud boshqa sabablarga ko‘ra boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, farzandlari voyaga yetmagan boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar va ehtiyojmand yolg‘iz onalar kiritiladi.
Shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar, uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan), biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar, ya’ni surunkali kasallikning og‘ir turlariga chalingan bolalari mavjud bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar ham kiradi.
–Xo‘sh, ushbu yordamni olish uchun kimga murojaat qilish kerak?
–Ushbu yordamni olish uchun fuqaro Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim. Bunda xotin-qizlar faoli mablag‘ ajratilishiga ko‘maklashuvchi mas’ul xodim hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 29.01.2025
- Ko'rishlar: 426
- Chop etish