2021 yil 7 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi binosida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir BMT Maxsus ma’ruzachisining mamlakatimizga 28 noyabr – 7 dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.
Tashrif doirasidagi uchrashuv va muloqotlar
Ma’lumki, xuddi shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolaynni qabul qildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qo‘shma xalqaro tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Mo‘tabar mehmon tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan uchrashdi.
Shuningdek, BMT Maxsus ma’ruzachisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) bilan muloqotda bo‘ldi.
F.Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afg‘onistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi mazkur maskanda o‘z vaqtida “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
BMT Maxsus ma’ruzachisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan va Qashqadaryo viloyatlariga ham tashrif buyurdi. Bu hududlarda joylashgan jazoni o‘tash koloniyalaridagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Koloniyalar rahbariyati va xizmatchilari, shifokorlar hamda mahkumlar bilan yuz-yuz suhbatlashdi.
Mehmon O‘zbekiston jamiyatining turli qatlamlari namoyandalari bilan uchrashdi. Xususan, Namangan shahrida Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari porkuratura hamda ichki ishlar organlari tergovchilari, shuningdek, mazkur viloyatlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. F.Ni Aolayn O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar vakillari bilan muloqotda bo‘ldi.
F.Ni Aolayn tashrifining boshlanishi va oxirida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ilgari surish va himoya qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlari, vazirlik va idoralar rahbarlari uchun brifinglar o‘tkazildi.
“Mehr” amaliyotining e’tirofi
BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston Prezidenti bilan muloqoti, shuningdek keng jamoatchilik ishtirokidagi matbuot anjumani va brifinglarda ham O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
“Oila birligi va jamiyatni qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan o‘zbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini ko‘zlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida o‘choqli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir", dedi BMT Maxsus ma’ruzachisi.
Ma’lumki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 47-sessiyasi doirasida 2021 yil 5 iyul kuni “Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” mavzuida tashkil etilgan onlayn-tadbirda O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Mazkur seminarda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar og‘ir ahvolda saqlanayotgani tashvish bilan qayd etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi.
O‘zbekiston tomonidan “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish maqsadida ishchi guruhlar tuzildi. Ishchi guruhlar zimmasiga ushbu fuqarolarni reabilitatsiya qilish, hujjatlarini tiklash, ishga joylashtirish, boshpana bilan ta’minlash, bolalarni maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylash, yetim bolalar uchun vasiy hamda homiylar belgilash yoki ularni davlatga qarashli ijtimoiy muassasalarga joylashtirish, bu insonlarning sog‘ligi va ruhiy holati ustidan doimiy monitoring olib borish vazifalari yuklandi.
Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi bo‘yicha harakatlarini olqishladi. Bunday sa’y-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kam ekani e’tirof etildi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu sa’y-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Yanada muhimi, kuchli texnik yordam ko‘rsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambag‘allikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
BMT Maxsus ma’ruzachisi qayd etganidek, Suriya shimoliy-sharqidagi lagerlarda minglab ayollar va bolalar o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan. BMT mutaxassislari yashash sharoiti va muomala masalasida ular zo‘ravonlik, inson ekspluatatsiyasi, tahqir va mahrumlikka duchor ekanini aytishmoqda. Bunday harakatlar xalqaro huquq normalariga ko‘ra, hech qanday huquqiy himoyasiz qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy, qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga duchor qilish yoxud jazoga tortishga tenglashadi.
F.Ni Aolayn O‘zbekistonning stigmatizatsiyani bartaraf etish, asosiy huquq, jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralarini yuqori baholadi. Maxsus ma’ruzachi repatriatsiya va reintegratsiyaning o‘zbek modeli boshqa hukumatlar o‘z fuqarolarini olovli hududlardan qaytarishi uchun “yo‘l xaritasi” sifatida xizmat qilishini ta’kidlar ekan, mamlakatimizda mazkur tadbir samarali, insoniy va inson huquqlariga mos tarzda amalga oshirilganini e’tirof etdi. BMT mutaxassisi boshqa hukumatlarni O‘zbekistondan o‘rnak olishga chaqirdi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash: yangi yondashuvlar
BMT Maxsus ma’ruzachisi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlarni alohida qayd etdi. Binobarin, O‘zbekiston xalqaro maydonda terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro aksilterror koalitsiyalar faoliyatini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, mamlakatimiz BMT Aksilterror qo‘mitasi va MDH Aksilterror markazi faoliyatida qatnashib keladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham bu borada tegishli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan 2020 yilda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tashkil etilgan bo‘lib, uning qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan.
Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan.
Bundan tashqari, bu borada mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatish sohalarida yetakchi ekanini e’tirof etgan holda, ana shu yuksak salohiyatdan “terrorizm” tushunchasiga ta’rif berishda amaliy foydalanish taklifini ilgari surdi. Binobarin, terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi asosiy konvensiyalar va BMT Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning tegishli rezolyusiyalarida ushbu atamaga aniq izoh berilmagan.
Fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar
F.Ni Aolayn o‘zining ko‘plab uchrashuvlari asnosida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qilganini alohida ta’kidlash lozim. Bu muloqotlarda terrorizmning oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlariga amal qilish, terrorizm jabrdiydalari va terrorizmda ayblangan mahkumlar huquqlarini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Terrorizmga qarshi kurash sharoitida odil sudlovning kafolatlanishi muhim ahamiyatga ega. Odil sudlov huquqi inson huquqlari va qonun ustuvorligi ta’minlanishining asosiy kafolatlaridan biridir. BMT Maxsus ma’ruzachisining O‘zbekiston sud tizimi vakillari bilan uchrashuvlarida shu haqda so‘z bordi.
F.Ni Aolayn xonimning mamlakatimizga 10 kunlik tashrifi dasturida fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqotlari alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar vakillari bilan do‘stona va ishchan muhitda o‘tgan muloqotda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash, millatlar va dinlararo hamjihatlikni rivojlantirish borasida erishilgan natijalar haqida so‘z bordi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik samaralari
BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston hukumatining YuNISEF va BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqa tashkilotlari, shu jumladan Inson huquqlari bo‘yicha kengash va Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi bilan hamkorligining ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Haqiqatan ham, keyingi besh yilda mamlakatimizning ushbu xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlari boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishga munosib yuksak bosqichga ko‘tarildi. Bunday izchil hamkorlik o‘zining ulkan natijalarini bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi va 2021 yil 1 yanvardan amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi hamda 2022 yildan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, F.Ni Aolayn BMTning O‘zbekistonga tashrif buyurgan birinchi ayol-Maxsus ma’ruzachisidir. Bugungi kunga qadar u Belgiya (2018 yil may), Fransiya (2018 yil may) va Qozog‘iston (2019 yil may) mamlakatlariga tashrif buyurgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.12.2021
- Ko'rishlar: 3389
- Chop etish