Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda oilalarning mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ammo shunga qaramay, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik holatlari ortib, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq ko‘rsatilayotgani achinarlidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 809 tani tashkil qilgan.
Bu boradagi vaziyat oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralarini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi yaqinda parlament quyi palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Mazkur qonun loyihasining ahamiyati va unda belgilanayotgan normalar xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, oila mustahkamligini ta’minlash, zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– O‘zbek xalqi uchun oila muqaddas dargoh sanaladi. Uning mustahkamligini saqlash jamiyatimiz va davlatimizning eng muhim vazifalaridan biridir. Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda bandligini oshirish, tadbirkorlikka jalb qilish, gender tenglikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, oiladagi turli zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida himoya orderi joriy etildi. 2023 yilda oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga 40 mingdan ortiq himoya orderi rasmiylashtirilgan. Joriy yilning 6 oyida esa bu ko‘rsatkich 21 ming 818 tani tashkil qilgan.
Himoya orderi talablarini buzganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli normalar kiritildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar orqali guvohi bo‘layotganimizdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka nafaqat voyaga yetgan shaxslar, balki bolalar ham duchor bo‘lmoqda. Ammo amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lib, bolalar kiritilmagan. Natijada oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelmoqda.
– Demak, ushbu qonun loyihasi bilan bu kabi muammo va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish nazarda tutilyaptimi, qanday yangiliklar aks etmoqda?
– Albatta, sohadagi mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda. Ya’ni, bolaga, vasiylik yoxud homiylik ostida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ikkinchidan, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, yarashtiruv instituti bilan bog‘liq norma aks ettirilmoqda. Yarashtiruv instituti amaliyotimizda mavjud. Ya’ni, turli holatlarda sudgacha tomonlar o‘zaro yarashtiriladi. Ammo bu qonun bilan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘lsa, sudgacha hech qanday yarashtiruv mumkin emasligi belgilanmoqda. Chunki tergov bosqichida er-xotinlarning o‘zaro yarashganligi oqibatida ayblanuvchi tomon jazo muqarrarligini his etmay, bir yil davomida yana qayta zo‘ravonlik sodir etishi holatlari kuzatilmoqda.
Shuning uchun ham loyihada yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etgan shaxs faqat sudda yarashuv to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
– Mazkur hujjatda aks etayotgan tartiblar qanday natija beradi?– Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga yordam beradi. Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning ijobiy tomonga o‘zgarishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashini oldini olishga hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1314
- Chop etish