Bolalar kuni nafaqat bayram, balki ular duch kelayotgan muammolarga barham berish kuni hamdir

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham tadbirlar tashkil etilmoqda.

Bu bolajonlarga nafaqat quvonch ulashuvchi bayramlarni, balki ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, muammolariga yechim izlashga qaratilgan tadbirlarni ham o‘z ichiga olmoqda. 

Zotan, bolalar hali o‘zi uchun o‘zi kurasha olmaydigan, doim mehrga, tayanchga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamiga kiradi. O‘zbekistonda bolalar manfaatlari himoyasi davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, milliy qonunchilik tizimi yaratilgani shuning natijasidir.   

Toshkentda joriy yil 26-27 may kunlari "Jinsiy zo‘ravonlik va odam savdosi qurbonlari bo‘lgan bolalarga oid ishlarni tergov qilishda bolalarga do‘stona yondashuvlardan foydalanish" mavzusidagi trening ham Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etildi. 

 Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, O‘zbekiston Bolalar ombudsmani hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir zo‘ravonlik va odam savdosi qurboni bo‘lgan bolalar bilan ishlovchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun mo‘ljallandi.  

– BMT ma’lumotlariga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining 70  foizdan ortig‘ini ayollar va bolalar tashkil etadi, – deydi Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova. – Bu ayanchli holatlar, afsuski, hech bir davlatni chetlab o‘tmaydi. Shu bois, bolalarni himoya qilishni kuchaytirish doimiy dolzarb ahamiyatga ega. Mamlakatimizda bu borada tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 15 mayda kuchga kirgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun shu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qonunga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi hamda qonun bilan ta’qib qilinadi. Davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘radi.

Tadbirda bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlarida  xalqaro hujjatlarda ko‘zda tutilgan uslublarda bolalarni so‘roq qilish, ularning qo‘shimcha ruhiy jarohat olishining oldini olish, tergov davomida bolaning eng ustun manfaatlari inobatga olinishi zarurligi ta’kidlandi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan zo‘ravonlik nafaqat bolalik davriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, balki insonning butun hayoti davomida asorat qoldirishi hamda psixologik jarohat shakllari va uni keltirib chiqarish omillariga e’tibor qaratildi.

Bolalar ombudsmani S.Rahmonova zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalar bilan maxsus ishlash, ularning tergov va sud bosqichlarida qo‘shimcha zo‘riqishiga yo‘l qo‘ymaslik, jabrlanuvchi bolalarga ixtisoslashgan tarzda tezkor psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutuvchi yagona mexanizm yo‘lga qo‘yilishi zarur ekanini alohida qayd etdi. 

Trening orqali amaliyotchilar zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni aniqlash, ishni to‘g‘ri olib borish va tahlil qilish, zaif bolalar bilan do‘stona muloqot qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu jabrlangan bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech